Turkiyaning TAV Airports xoldingi Qozog‘istonning Kazakhstan Infrastructure Fund infratuzilma jamg‘armasidan qolgan 15 foiz aksiyani sotib olib, Olmaota xalqaro aeroportining yagona mulkdoriga aylandi. Bu haqda davlat investitsiya kompaniyasi Qazaqstan Investment Corporation (QIC) ma’lum qildi.
Bitim qiymati 133 million AQSH dollarini tashkil etgan.
TAV Airports guruhi 2020 yildayoq Olmaota aeroportini 415 million AQSH dollariga sotib olishini e’lon qilgan edi. QIC 2021 yil bahorida Kazakhstan Infrastructure Fund orqali ushbu loyihaga qo‘shilgan. O‘shanda jamg‘arma aeroportni rivojlantirish uchun 30 million AQSH dollari sarmoya kiritib, uning 15 foiz aksiyasiga ega bo‘lgandi.
Shu tariqa, kelishilgan sotuv narxi (133 million AQSH dollari) dastlabki investitsiya hajmidan 4,4 barobar yuqori bo‘ldi.
«Kursiv.kz» eslatishicha, Kazakhstan Infrastructure Fund davlat bilan bog‘liq jamg‘arma hisoblanadi. Uning asosiy egasi — jamg‘armaning 95,24 foiziga egalik qiluvchi Qazaqstan Investment Corporation (QIC). O‘z navbatida, QIC milliy boshqaruv xoldingi «Bayterek» tarkibiga kiradi.
Olmaota aeroporti — Qozog‘istondagi eng yirik aeroport. U 1935 yilda qurilgan. Qazaqstan Investment Corporation ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda aeroport sezilarli darajada modernizatsiya qilingan: yangi xalqaro terminal ishga tushirilgan, avvalgi terminal esa ichki reyslarga xizmat ko‘rsatish uchun qayta jihozlangan.
Shu bilan birga, aeroport turli hodisalar sabab jamoatchilik e’tiborida bir necha bor bo‘lganini ham ta’kidlash lozim. Jumladan, yo‘lovchilar bagaj o‘g‘irlanishi, terminalda suv oqishi va boshqa muammolardan shikoyat qilgan. Joriy yil iyun oyida Orda.kz nashri uchib ketish zalida ventilyatsiya quvuri qulab tushgani haqida yozgan edi.
2025 yilda Olmaota aeroporti 6,3 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 19,4 foizga ko‘pdir. TAV Airports uchun Olmaota aeroporti kompaniya portfelidagi 15-aeroport hisoblanadi. Shuningdek, bu kompaniya konsessiya yoki boshqa uzoq muddatli shartnoma asosida boshqaradigan emas, balki mulk huquqi asosida to‘liq egalik qiladigan ilk aeroportdir.



