Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat rahbarligi uchun navbatdagi saylovlar prezident vakolatlari muddati tugaydigan yilning yanvar oyidagi to‘rtinchi chorshanba kuni o‘tkazilishiga oid qonunni imzoladi. Shu tariqa, keyingi prezidentlik saylovlari 2027 yil 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi, deya ma’lum qildi Japarov matbuot xizmati.
Xuddi shu qonun bilan Qirg‘iziston parlamenti — Jogorku Kenesh deputatlarining navbatdagi saylovlarini amaldagi chaqiriqning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan oyning chorshanba kunida (qaysi tartibdagi chorshanba ekani aniq ko‘rsatilmagan) o‘tkazish ham belgilandi. Hozirgi kunga qadar parlamentga o‘tkazilgan so‘nggi saylovlar muddatidan oldin — 2025 yil 30 noyabr kuni o‘tkazilgan edi.
Parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkaziladigan kunlar ish beruvchining mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ish haqi saqlangan holda dam olish kunlari hisoblanadi.
2025 yil aprel oyida Japarov prezidentlik saylovlari amaldagi davlat rahbari vakolat muddati tugaydigan yilning yanvar oyidagi to‘rtinchi yakshanba kuni o‘tkazilishiga oid qonunni imzolagan edi. Biroq, 2026 yil iyun oyida parlament saylovchilar faolligini oshirish maqsadida prezidentlik va parlament saylovlarini chorshanba kunlari o‘tkazish to‘g‘risida qonun qabul qildi.



