Dushanbeda Markaziy Osiyodagi eng yirik teatr majmuasi ochildi

Rustam Emomalining Telegram-kanalidan olingan fotosurat

Dushanbeda Tojikiston Milliy teatrining yangi binosi ochildi. Bu haqda Tojikiston poytaxti meri Rustam Emomalining rasmiy kanali xabar berdi.

Ochilish marosimi 24 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. U Tojikiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, mamlakatda bu sana 9 sentyabr kuni nishonlanadi. Marosimda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.

Tojikiston Milliy teatri binosi Markaziy Osiyodagi eng yirik teatr majmuasi hisoblanadi. Bunga qadar ushbu maqom Qozog‘istondagi «Astana Opera» davlat opera va balet teatriga tegishli edi.

Majmua balandligi 34,5 metr bo‘lib, ikki qavat yerosti va besh qavat yer usti qismidan iborat. Unda uchta katta zal va ko‘plab boshqa xonalar mavjud.

Asosiy zalning balandligi 18 metr bo‘lib, 2500 tomoshabinga mo‘ljallangan («Astana Opera»da — 1250 o‘rin). Ikkita kichik zal esa tegishlicha 1200 va 1000 nafar tomoshabinni qabul qiladi.

Yuqori qavatlarda ko‘rgazma va san’at zallari, repetitsiya xonalari, badiiy ustaxonalar hamda boshqa xonalar joylashtirilgan.

Qurilish ishlari 2015 yilda boshlangan, ammo moliyaviy qiyinchiliklar sabab 2017 yilda to‘xtatilgan. Qurilish ishlari 2024 yil iyul oyida yana jonlangan.