Olmaotada faol Alnur Ilyashev xonadonida tintuv o‘tkazildi

Alnur Ilyashev. Vlast.kz sayti fotosurati

4 sentyabr kuni Olmaota shahrida jamoat arbobi Alnur Ilyashevning xonadonida tintuv o‘tkazildi. Bu haqda «Vlast» internet nashri faolning akasi Kanat Ilyashevga tayanib xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 6:37 atrofida otasi unga Alnur Ilyashevning uyiga SOBR (tezkor harakat qiluvchi maxsus otryad) xodimlari bostirib kirganini aytgan. Kanat voqea joyiga yetib kelganida, uy oldida politsiya mashinasi yo‘q bo‘lgan. Biroq, pod’ezd oldida politsiya xodimlari turgan. Kanat Ilyashevni xonadon ichiga kiritishmagan, ammo u ichkaridagilarning ahvoli joyida ekaniga ishonch hosil qilgan.

Faolning xonadonida tintuv qaysi jinoyat ishi doirasida o‘tkazilayotgani hozircha noma’lum. Politsiya xodimlari Kanat Ilyashevga hech qanday ma’lumot berishmagan, biroq Alnurni so‘roq qilish uchun olib ketishlarini ma’lum qilishgan.

Bir kun avval Ilyashev Ko‘k-Jaylyau himoyachisi Aruna Ortayevaning hibsga olinishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ishtirok etgan.

Qozog‘iston Xalqaro inson huquqlari va qonuniylikka rioya etish byurosi (QXHQB) yozishicha, voqealar iyul oyi oxirida e’lon qilingan «partiyasizlar partiyasi»ni tuzish tashabbusi bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Tashkilotchilarning rejasiga ko‘ra (ular orasida Alnur Ilyashev ham bo‘lgan), partiya Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan partiyalarning birortasiga ham a’zo bo‘lmagan 11 million fuqaroning manfaatlarini ifoda etishi kerak.

QXHQB ma’lumotiga ko‘ra, hozirda yana bir fuqarolik faoli — Marat Turimbetovning xonadonida ham tintuv o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkin. Hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

Alnur Ilyashev — Qozog‘istonda tanilgan faol. 2020 yilda favqulodda holat amal qilgan davrda qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatish ishi bo‘yicha unga uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ishga sobiq prezident Nursulton Nazarboyevga yo‘llangan video murojaat va faolning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Nur Otan partiyasi haqidagi postlari asos bo‘lgan. Ulardan birida u tadbirkorlar Nazarboyevning chaqiriqidan so‘ng Birgemiz jamg‘armasiga 41 million dollar xayriya qilgani haqidagi xabarga izoh bergan bo‘lsa, ikkinchisida Qizilo‘rda viloyati hokimi, bir vaqtning o‘zida Nur Otan partiyasining viloyat filiali rahbari bo‘lgan Quanishbek Iskakovning qo‘lga olingani haqida yozgan.