Kirish imkoniyatisiz bir yil: BMT afg‘on ayollariga o‘z ofislariga kirish taqiqlanganini eslatdi

Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ayol kuzatuvchisi Hirotda zilziladan jabrlangan ayol bilan suhbatlashmoqda. 2023 yil oktyabr. WFP fotosurati

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish «Tolibon» harakatining afg‘onistonlik ayollarga nisbatan harakatlanish bo‘yicha cheklovlari ular hayotining deyarli barcha sohalariga ta’sir qilayotganini ma’lum qildi. Bu bayonot afg‘on ayollarining mamlakatdagi BMT ofislariga kirishi taqiqlanganiga bir yil to‘lgani munosabati bilan yangradi, deb xabar beradi Amu TV.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, «Tolibon» taqiqlari nafaqat ayollarning xalqaro tashkilot tuzilmalarida ishlash huquqiga daxl qiladi. Ular ayollarning ta’lim olish, tibbiy yordam va gumanitar ko‘makdan foydalanish, shuningdek, erkin harakatlanish imkoniyatlarini cheklaydi. Bu choralar gumanitar tashkilotlar faoliyatiga ham to‘sqinlik qilmoqda: xodima ayollarsiz ularga yordam zarur bo‘lgan xotin va qizlar bilan aloqa o‘rnatishi qiyinlashmoqda.

Afg‘onistonda BMT ofislariga xodima ayollarning kirishi taqiqlanganiga bir yil bo‘ldi. Bu 2021 yil avgust oyida hokimiyatga qaytgan «Tolibon» harakatining keng qamrovli siyosatining davomi bo‘ldi. Hokimiyat ayollarni jamoat hayotidan izchil ravishda chetlatib, ularga o‘rta va oliy ta’lim olishni taqiqlamoqda, erkak hamrohisiz ishlash va harakatlanish imkoniyatlarini cheklamoqda.

BMT ushbu cheklovlarni qonuniy deb tan olmadi va ularni bekor qilishni bir necha bor talab qildi.

Tashkilot ayollarning ishlashi millionlab afg‘onistonliklarga, ayniqsa erkak xodimlarga xizmatlardan foydalanish uchun murojaat qila olmaydigan ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish uchun zarur ekanini ta’kidlaydi.