«Axual segodnya» satirik YouTube-kanali asoschisi Azamat Omarov Ostonada nizo va adovat qo‘zg‘atish ishi bo‘yicha uch yarim yil shartli jazoga hukm qilindi. Bu haqda huquq himoyachisi Baxitjan Toregojina xabar berdi. Ma’lumotni «Azattiq Aziya»ga Omarovning advokati To‘legen Shaikov tasdiqladi.
Sud, shuningdek, Omarovga besh yil davomida materiallar e’lon qilishni taqiqladi. Qamoqda saqlangan bloger aybini tan olish to‘g‘risida protsessual kelishuv tuzilgani munosabati bilan sud zalining o‘zida ozod qilindi.
Shaikovning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura bilan kelishuv hukm chiqarilgan kuni imzolangan.
«Chunki haqiqiy qamoq jazosi tahdid solayotgan edi, bu yerda esa shartli jazo berildi. Protsessual kelishuvga ko‘ra, ayb tan olinadi. Bunga qadar esa — yo‘q, tan olmagan edi. Bu modda bo‘yicha odamlar qamalmoqda, bir kishi emas, ko‘pchilik. Bu holat qanchalik absurd bo‘lmasin, u mavjud va ishlayapti», — dedi advokat.
Azamat Omarov 18 iyuldan buyon qamoqda saqlanayotgan edi. Uning uyida tintuv o‘tkazilganidan so‘ng qo‘lga olingan, tintuv davomida telefonlar, kompyuterlar va qattiq disklar olib qo‘yilgan.
Shu bilan bir vaqtda «Axual segodnya» YouTube-kanalidan Omarov Qosim-Jomart To‘qayevning prezidentlik muddatlarini «nollashtirish» mavzusida hazil qilgan videolavha o‘chirildi. Boshqa ko‘plab videolar ham yo‘qoldi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, o‘chirilgan materiallar orasida 2026 yil yanvar oyida e’lon qilingan, Qozog‘iston rahbariyati tanqid qilingan videorolik ham bo‘lgan. Himoya tomonining ta’kidlashicha, aynan shu material jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan.
Omarov hibsga olinganidan so‘ng Xalqaro so‘z erkinligini himoya qilish jamg‘armasi «Әdіl sөz» huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jurnalistga nisbatan jinoiy ta’qib boshlash asoslarini tushuntirishga chaqirdi. «Chegara bilmas reportyorlar» (RSF) tashkiloti ham Omarovni himoya qilib, Qozog‘iston hukumatini unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bekor qilishga chaqirdi.
Omarovga Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 174-moddasi — «Ijtimoiy, milliy, urug‘-aymoq, irqiy, tabaqaviy yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish» bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Uning o‘zi esa barcha nashrlari satira va hazilga asoslanganini ta’kidlab kelgan.
Bu Qozog‘istonda satirik blogerlarni jinoiy ta’qib qilish bilan bog‘liq birinchi holat emas. 2025 yil aprel oyida satirik Instagram-pablik Qaznews24 ma’muri Temirlan Yensebek millatlararo adovat qo‘zg‘atishda ayblanib, besh yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. Bunga rossiyalik teleboshlovchi Tina Kandelaki haqida «You, oristar» qo‘shig‘idan foydalanilgan satirik post sabab bo‘lgan. Yensebekning o‘zi post faqat satirik xarakterga ega bo‘lgani va nafrat qo‘zg‘atishga qaratilmaganini ta’kidlagan. Ozodlikni cheklash jazosidan tashqari, sud unga jurnalistik, ijtimoiy-siyosiy va huquqni himoya qilish faoliyati bilan shug‘ullanishni ham taqiqlagan.



