Olmaotada hozirda faoliyatini to‘xtatgan Bek Air aviakompaniyasi egasi Nurlan Jumasultanov hibsga olindi. U Fokker 100 samolyotlari uchun mo‘ljallangan ikki dvigatelni o‘g‘irlashda gumonlanmoqda. Ulardan biri 2019 yil dekabr oyida halokatga uchragan samolyotga o‘rnatilgan edi. Bu haqda jurnalist Mixail Kozachkov o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Jumasultanov 9 sentyabr kuni so‘roqdan so‘ng ushlangan. Sud uni ikki oy muddatga qamoqqa olishga sanksiya bergan. Unga Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 188-moddasi 4-qismi — o‘ta yirik miqdorda o‘g‘irlik sodir etish aybi qo‘yilmoqda. Ish bo‘yicha yana bir gumonlanuvchi uy qamog‘iga olingan.
Jinoyat ishi Olmaota aeroporti hududida saqlangan Fokker 100 samolyotlari uchun mo‘ljallangan ikki dvigatelning yo‘qolishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, tergov 2019 yil dekabr oyida sodir bo‘lgan Bek Air samolyoti halokati bilan bevosita bog‘liq emas. O‘shanda Fokker 100 samolyoti parvozga ko‘tarilish chog‘ida Olmaota aeroporti hududiga qulagan. Halokat oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan.
Kozachkovning yozishicha, halokatni tergov qilish jarayonida yo‘qolgan dvigatellardan biri halokatga uchragan samolyotga o‘rnatilgani aniqlangan. Shu bilan birga, o‘g‘irlikning bevosita guvohlari ham, sodir bo‘lgan voqeaning videotasvirlari ham bo‘lmagan.
Dvigatellarning yo‘qolishi bo‘yicha ish bir necha yil davomida Transport politsiyasi departamenti tomonidan, jumladan, xorijiy huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb etgan holda tergov qilingan. 2026 yilda Bosh transport prokuraturasi materiallarni Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga (MXQ) topshirgan. Kuch ishlatar tuzilmalar voqeaga aviakompaniya rahbariyati vakillarining ehtimoliy aloqadorligi haqida xulosaga kelgan. Jumasultanov so‘roqqa chaqirilgan va shundan so‘ng ushlangan.
Bu ma’lumot rasmiy tasdiqlangan emas.
Ulysmedia ta’kidlashicha, Nurlan Jumasultanov Qozog‘iston aviatsiya sohasida tanilgan shaxs hisoblanadi. U bir vaqtlar Qozog‘iston Industriya va infratuzilmaviy rivojlanish vazirligining (IIRV) aviatsiya hodisalari va insidentlarini tergov qilish boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Davlat xizmatiga o‘tishidan oldin Jumasultanov Bek Air kompaniyasida ishlagan. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan mojaro fonida vazirlikdan ketganidan so‘ng u yana aviakompaniya tuzilmasiga qaytgan.
IIRV ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq brifinglarda aytilganidek, Jumasultanov Bek Air kompaniyasining yagona ta’sischisi va aksiyadori bo‘lgan.
2025 yil noyabr oyida Olmaotaning Turksib tuman sudi mazkur aviakompaniya samolyoti halokati bo‘yicha ish yuzasidan hukm chiqargan. Halok bo‘lgan ikki nafar uchuvchi — Marat Murtabayev va Meyrjan Muldaqulov — o‘shanda vafotidan keyin aybdor deb topilgan. Ularga Jinoyat kodeksining 344-moddasi 3-qismi («Havo transporti harakati yoki undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga olib kelgan holat») bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Halokatdan so‘ng darhol Bek Air faoliyatini to‘xtatgan, 2020 yil aprel oyida esa Qozog‘iston Aviatsiya ma’muriyati aviakompaniyaning havo transporti operatori sertifikatini bekor qilgan.



