Olmaotada yashash joyi va vaqtincha yashab turish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish qoidalari o‘zgartirildi. Endi ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydoni ham hisobga olinadi: har bir kishi hisobiga umumiy maydonning kamida 15 kvadrat metri to‘g‘ri kelishi kerak. Tegishli qarorni shahar maslihati (vakillik organi) qabul qildi.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu me’yor bir manzil bo‘yicha ko‘p sonli fuqarolarni soxta ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Shu bilan birga, yangi me’yor uy-joy mulkdorining o‘z oila a’zolari va yaqin qarindoshlarini ro‘yxatdan o‘tkazishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qaror loyihasini maslihat sessiyasida shahar Bandlik va ijtimoiy dasturlar boshqarmasi rahbari Bauirjan Jaubasov taqdim etdi. Deputatlar loyihani qo‘llab-quvvatladi.
Jaubasovning so‘zlariga ko‘ra, yangi me’yor har bir tumandagi aholining amaldagi sonini aniqroq belgilash imkonini beradi. Bu maktablar, poliklinikalar, kommunal va boshqa shahar infratuzilmasiga tushadigan yuklamani rejalashtirish uchun zarur.
Olmaota maslihati bunday me’yorni belgilash huquqini shaharning maxsus maqomi to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar 2026 yil 14 sentyabrda kuchga kirganidan so‘ng oldi.
Soxta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgarlik belgilangan. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 493-moddasiga ko‘ra, uy-joy mulkdoriga 10 OHM (oylik hisob miqdori, 1 OHM = 4325 tenge / 10 dollar) gacha jarima solinishi mumkin.
Bundan avval Ostonada ham ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha shunga o‘xshash qoidalar tasdiqlangan edi.



