Qozogʻiston milliy universitetida talaba vafotidan soʻng prorektor va dekan ishdan boʻshatildi

Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universiteti. 2gis.kz saytidan olingan surat

Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston milliy universitetida ijtimoiy barqaror rivojlanish boʻyicha prorektor hamda geografiya va tabiatdan foydalanish fakulteti dekani egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ushbu qaror talaba vafotidan soʻng qabul qilindi, deb xabar berdi oliygoh matbuot xizmati.

Universitetda maʼlum qilinishicha, kadrlar boʻyicha bunday qarorga oʻz vazifalarini, jumladan, yotoqxonada xavfsizlik va tartibni taʼminlash boʻyicha majburiyatlarni lozim darajada bajarmaslik sabab boʻlgan. Bundan tashqari, hodisa yuz bergan kuni navbatchilikda boʻlgan xodimlar ham ishdan chetlatildi. Ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.

QazMUda marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirildi, uning oilasi bilan aloqa saqlanib turgani va zarur yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklari maʼlum qilindi.

Hodisadan soʻng universitetning barcha yotoqxonalarida kechki nazorat kuchaytirildi, qoʻshimcha xavfsizlik choralari koʻrildi va talabalarga professional psixologik yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Oliygohda, shuningdek, tergov organlariga har tomonlama koʻmak berilayotgani hamda xolis va shaffof tergov oʻtkazilishidan manfaatdor ekanliklari taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, Fan va oliy taʼlim vazirligi universitetda kompleks tekshiruv oʻtkazilishini maʼlum qildi. U yerga «xavfsizlikni taʼminlash, talabalar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha qonunchilik hamda ichki hujjatlar talablariga rioya etilishini oʻrganadigan, shuningdek, tarbiyaviy, ijtimoiy-psixologik va profilaktik ishlar samaradorligini baholaydigan» monitoring guruhi yuboriladi. Vazirlik nizolarni aniqlash va oldini olish, talabalar murojaatlariga oʻz vaqtida munosabat bildirish hamda ularga psixologik yordam koʻrsatish mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratilishini qayd etdi.

QazMU geografiya va tabiatdan foydalanish fakulteti talabasining vafoti haqida bir kun avval maʼlum boʻlgan edi. Universitet uning oʻlimini tasdiqladi, politsiya esa jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani va gumonlanuvchi qoʻlga olingani haqida xabar berdi.

Jurnalist Mixail Kozachkovning maʼlumotiga koʻra, kechqurun ikkinchi kurs talabalari birinchi kurs talabalarini «gaplashib olish» uchun chaqirgan. Taxminlardan biriga koʻra, katta kurs talabalari kichik kursdagilardan pul talab qilgan boʻlishi mumkin. Yoshlar oʻrtasida janjal kelib chiqqan.

Kozachkovning yozishicha, mushtlashuv paytida ikkinchi kurs talabasi birinchi kurs talabasining quyosh chigali sohasiga uch marta musht tushirgan. Shundan soʻng yigit yiqilib, qayta koʻzini ochmagan. Yetib kelgan shifokorlar uning oʻlimini qayd etishgan.

Jurnalist, shuningdek, qoʻlga olingan shaxs tan jarohati yetkazganini tan olganini bildirdi. Bu maʼlumotlar hozircha rasman tasdiqlanmadi.

Shu bilan birga, Newtimes.kz nashri halok boʻlgan talabaning onasi bilan suhbatni eʼlon qildi. Unda ayol guvohga tayangan holda oʻgʻlini kaltaklashda sakkiz nafar ikkinchi kurs talabasi ishtirok etganini va yotoqxonada talabalar orasida «sistema» deb atalgan norasmiy ierarxiya boʻlganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, ikkinchi kurs talabalari birinchi kurs talabalaridan pul yigʻib, oʻzlariga alohida munosabatda boʻlishni talab qilgan. Bu maʼlumot ham hali tasdiqlangani yoʻq.

Taʼkidlash joizki, bu soʻnggi 10 kun ichida QazMU hududida talaba halok boʻlishi bilan bogʻliq ikkinchi holatdir.

6 noyabr kuni oqshomda talabalar shaharchasida birinchi kurs talabasi (taxminlarga koʻra, jurnalistika fakulteti talabasi) vafot etgan edi.

Olmaota politsiyasi jinoyat ishi qoʻzgʻatdi va «hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanayotganini» bildirdi.

Departament sudgacha boʻlgan tergov maʼlumotlarini oshkor qilishni taqiqlovchi Jinoyat-protsessual kodeksining 201-moddasiga tayangan holda tafsilotlarni ochiqlamadi.

  • Rossiyada haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar hikoyalari

  • Nima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi?

  • 111 ta ekologik tashkilot Jahon bankidan nimani talab qilmoqda va buning Tojikistonga qanday aloqasi borligi haqida

  • 1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar