Qozogʻiston parlamenti ijtimoiy tarmoqlar va OAV uchun yangi cheklovlarni birinchi oʻqishda maʼqulladi

magnific.com saytidan olingan surat

Qurultoy (parlament) deputatlari onlayn-platformalar, ommaviy axborot vositalari va internet-kontent mualliflariga yangi talablarni nazarda tutuvchi ikkita tuzatishlar paketini birinchi oʻqishda maʼqulladi. Bu haqda Exclusive.kz xabar beradi.

Takliflar qatorida 16 yoshga toʻlmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda roʻyxatdan oʻtishini taqiqlash, haqoratli soʻzlar (soʻkinish) uchun javobgarlik va OAV nashrlarida davlat organlarining rasmiy javoblarini majburiy markirovkalash bor. Qonun loyihalari respublika prezidentining topshirigʻi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan. Ular qonunchilikka, jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirishlar kiritishni koʻzda tutadi.

Tuzatishlardan biri 16 yoshga toʻlmagan foydalanuvchilarning onlayn-platformalarda roʻyxatdan oʻtishini taqiqlashni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, vakolatli organ obunachilari soni besh mingdan ortiq boʻlgan onlayn-platforma foydalanuvchilari reyestrini yuritish huquqiga ega boʻladi.

Alohida normalar qonunga xilof kontentni tarqatganlik uchun javobgarlikka tegishlidir.

Onlayn-platformalar bunday materiallarni joylashtirganlik uchun, ularning Qozogʻistondagi vakolatxonalari esa vakolatli organning qonunga xilof axborotni oʻchirish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shuningdek, onlayn-platformalarning vakolatxonalari Qozogʻiston qonunchiligiga muvofiq hisob roʻyxatidan oʻtishga majbur boʻladi.

Tuzatishlarning yana bir bloki uyatli va haqoratli soʻzlardan foydalanishga taalluqlidir. Soʻkinish uchun javobgarlikni ham ommaviy axborot vositalari, ham onlayn-platformalar uchun belgilash taklif etilmoqda. Rasmiylarning internetda haqoratli soʻzlar ishlatilgani uchun jarimalar joriy etish niyati haqida mamlakat Вosh vaziri Oljas Bektenov oʻtgan yozdayoq aytgan edi. Amaliyotda Qozogʻistondagi ijtimoiy tarmoqlar va striming platformalari foydalanuvchilari hozirning oʻzidayoq mayda bezorilik moddasi boʻyicha soʻkinganlik uchun javobgarlikka tortilmoqda. Biroq taklif etilgan tuzatishlar MJtKning tegishli moddasi amal qilishini bevosita ommaviy axborot vositalarida, jumladan elektron nashrlarda soʻkinish holatlariga nisbatan ham tatbiq etishi kerak.

Bundan tashqari, qonun loyihasida qoidabuzarlikni takroran sodir etganlik uchun 100 soatgacha jamoat ishlari yoki 30 sutkagacha qamoq jazosi koʻzda tutilgani alohida qayd etilgan.

Shuningdek, tuzatishlarda OAV nashrlarida davlat organlarining rasmiy javoblarini majburiy markirovkalash nazarda tutilgan. Muhokama chogʻida deputat Marat Shibutov bunday markirovka nima uchun kerakligi va u qanday koʻrinishda boʻlishini tushuntirishni soʻradi. Buning yordamida oʻquvchilar idoralarning rasmiy javoblarini tahririyatning mualliflik matni hamda jurnalistik sharhlardan farqlay olishi taxmin qilinmoqda.

Markirovkalashning yakuniy tartibi hali belgilanishi kerak.

Bundan tashqari, erkin foydalanish mumkin boʻlgan kanallar roʻyxatiga kiritilgan tele- va radiokanallar tegishli roʻyxatga kiritilganidan keyin 30 kalendar kun ichida efirga uzatishni boshlashi shart boʻladi. Qonunchilikda shuningdek «audiovizual platforma» tushunchasi paydo boʻladi va uning operatorlari ishlash qoidalari belgilanadi.

Yangi talablar taʼlimiy kontent yaratuvchilariga ham tegishli boʻladi. Mualliflar kurslar va oʻquv dasturlari materiallarini eʼlon qilishda maʼlumoti haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi hamda malakasini diplom yoki sertifikat bilan tasdiqlashi shart boʻladi.

Yana bir tashabbus okkult xizmatlarga taalluqlidir. Qonun loyihasida ularning taʼrifini gʻayritabiiy, paranormal yoki ilmiy tasdiqlanmagan qobiliyatlar toʻgʻrisidagi daʼvolarga asoslangan xizmatlar sifatida mustahkamlash taklif qilinmoqda.

Bunday xizmatlar haqidagi nashrlarda axborot koʻngilochar xususiyatga ega ekani hamda ilmiy yoki amaliy tasdiqqa ega emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish boʻlishi shart.

Tuzatishlar hozircha faqat birinchi oʻqishda maʼqullandi. Uzil-kesil qabul qilingunga qadar ularning qoidalari oʻzgarishi mumkin.

  • Rossiyada haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar hikoyalari

  • Nima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi?

  • 111 ta ekologik tashkilot Jahon bankidan nimani talab qilmoqda va buning Tojikistonga qanday aloqasi borligi haqida

  • 1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar