Tojikiston Markaziy Osiyo respublikasi Xalqaro jinoiy sud (XJS) tarkibidan chiqayotgani to‘g‘risida Birlashgan Millatlar Tashkilotini rasman ogohlantirdi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga tayangan holda TASS xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, Dushanbedan yuborilgan hujjat BMT tomonidan 20 noyabr kuni qabul qilib olingan. Amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra, qaror bir yildan keyin, ya’ni 2027 yil 20 noyabrda kuchga kiradi.
Tojikiston XJSning Rim statutini 1998 yilda imzolagan va 2000 yilda ratifikatsiya qilgan edi. Joriy yilning sentyabr oyida respublika parlamenti quyi palatasiga mazkur xalqaro tashkilot safidan chiqish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi, 1 oktyabr kuni esa deputatlar tegishli qarorni ma’qulladilar.
2024 yilgacha Tojikiston MDH davlatlari orasida Xalqaro jinoiy sudga a’zo yagona mamlakat edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning mart oyida XJS Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan edi. Shundan so‘ng siyosatchi hech qanday cheklovlarga uchramay, bir necha bor Dushanbega rasmiy tashrif bilan keldi. Masalan, RF rahbari yaqinda — 19-20 noyabr kunlari ushbu Markaziy Osiyo respublikasida mehmon bo‘ldi. Shu bois Yevropa Ittifoqi vakillari Tojikiston XJS statuti bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganidan afsusda ekanliklarini bildirdilar.
Yevropa tashqi harakatlar xizmatining bu boradagi rasmiy bayonotida Rim statuti doirasiga kiruvchi hamda butun dunyo tinchligi, xavfsizligi va farovonligiga tahdid soluvchi jinoyatlar jazosiz qolmasligi lozimligi ta’kidlangan edi.
Shu bilan birga, Tojikiston rahbari Emomali Rahmonning nomi ham Xalqaro jinoiy sud hujjatlarida uchraydi. 2025 yilning aprel oyida uchta nodavlat tashkilot: Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi, «Ukraina baynalmilal volontyorlari jamg‘armasi» va «Yevroosiyo uchun erkinlik» unga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Arizachilar Rahmonni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblashgan. Xususan, noqonuniy hibsga olish, qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik, odam o‘g‘irlash, qotillik va boshqa jinoyatlar xususida so‘z borgan. Murojaat mualliflari XJSni Tojikiston hukumati, jumladan mamlakat prezidentiga nisbatan tergov harakatlarini bo‘shlashga va ularni javobgarlikka tortishga chaqirgan edi.
Qayd etish joiz, so‘nggi yillarda bir nechta yirik davlat XJS ishida qatnashishdan bosh tortdi, xususan, Rossiya, AQSH va Xitoy shunday huquqdan foydalandi. Aytish joizki, mazkur xalqaro tuzilma BMT tarkibiga kirmaydi va Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga hisobdordir. Hozirda ushbu ro‘yxatdan 120 dan ortiq davlat o‘rin olgan. Qozog‘iston va Turkmaniston sud ishida ishtirok etmaydi, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan.



