O‘zbekistonda Ziyolilar kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Ziyolilar kengashi Foto: ITSM

O‘zbekistonda davlat hamda fan, ta’lim, madaniyat va san’at namoyandalari o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Ziyolilar kengashi tashkil etildi. Yangi tuzilmaning birinchi yig‘ilishi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida (ITSM) bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda muassasa matbuot xizmati.

Tadbirda respublikaning turli hududlaridan 500 ga yaqin olimlar, pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, yozuvchi va shoirlar, san’at arboblari, jurnalistlar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilishning ochilishida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqdi. U milliy taraqqiyotda, ona tili va milliy o‘zlikni asrashda hamda mamlakat ma’naviy rivojining uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilashda ziyolilar ishtirokining muhimligini ta’kidladi.

«Xolis fikrlar va dadil takliflarni kutamiz. Ishonchim komilki, Kengash yangi g‘oyalar maydoniga aylanadi», — dedi Mirziyoyeva.


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov mazkur yangi tuzilma faoliyati bilan Amir Temur davridagi davlat qarorlarini donishmand va bilimdon kishilar bilan maslahatlashib qabul qilish an’analari o‘rtasida tarixiy o‘xshashlikni keltirib o‘tdi. Olim, shuningdek, Kengashning birinchi yig‘ilishi Sharqning buyuk mutafakkirlari merosi namoyish etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ramziy ma’noga ega ekanini qayd etdi.

«Ziyolilar — jamiyatning ko‘zi, qulog‘i va vijdonidir. Xalq ulardan doimo haq so‘zni va to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatishni kutadi. Mamlakatimiz taraqqiyotining keyingi yo‘lini belgilashda ziyolilar jamiyatning yetakchi intellektual kuchi sifatida tashabbus ko‘rsatishlari lozim», — deya ta’kidladi Ayupov.

Yig‘ilish davomida professor Nursulton To‘xliyev o‘zlashma xorijiy so‘z va atamalarning o‘zbek tilidagi muqobillarini topish ishlarini faollashtirish, shuningdek, atamashunoslik komissiyasi faoliyatini kuchaytirishni taklif qildi. «Tarixiy darvesh» loyihasi muallifi Nodir Nishonov esa ommabop ilmiy kontent yaratuvchilari uchun ijtimoiy grantlar ta’sis etish tashabbusi bilan chiqdi.

Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan boshqa takliflar qatorida yirik tarixiy shaxslarga daxldor muhim sanalarni qamrab oluvchi «Ma’naviyat taqvimi»ni yaratish, xususiy teatrlarni qo‘llab-quvvatlash va mahallalarda yoshlar tarbiyasiga ziyolilarni yanada faol jalb etish tashabbuslari bor.

Kengashning umumrespublika miqyosidagi ilk yig‘ilishidan oldin Qoraqalpog‘istonda, O‘zbekiston viloyatlarida va Toshkent shahrida uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan edi. Ularda ikki mingdan ortiq ziyoli qatnashib, mingga yaqin takliflarni ilgari surgan.

Tadbirga yakun yasar ekan, Ayupov Kengashning asosiy vazifasi ziyolilar tashabbuslarini umummilliy rivojlanish maqsadlari bilan muvofiqlashtirish hamda bildirilgan takliflarni aniq amaliy yechimlarga aylantirishdan iborat ekanini urg‘uladi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston poytaxtidagi Hazrati Imom majmuasi yonida barpo etilgan. Bino o‘rta asrlar me’moriy obidalari uslubida qad ko‘targan bo‘lib, balandligi 34 metrlik to‘rtta peshtoqqa hamda 65 metrlik markaziy gumbazga ega. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va ekspozitsiyalari O‘zbekistonning butun tarixini — islomgacha bo‘lgan davrlardan bugungi kungacha qamrab olgan muzey joylashgan. ITSM ajdodlar merosini o‘rganish hamda uni O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi va dunyo bo‘ylab ilmiy-ma’rifiy markazlar bilan hamkorlikda zamonaviy ruhda anglash maydoni bo‘lishga qaratilgan.

Mavzuga oid barcha materiallar maxsus ruknda: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi.

  • «Rosatom» Markaziy Osiyoda yadro tibbiyotini qanday rivojlantirayotgani va loyihalar qaysi bosqichda ekani haqida

  • Rossiya targ‘iboti qozog‘istonliklarga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida

  • Og‘a Xon jamg‘armasi Kobuldagi qadimiy Bolo-Hisor qal’asini arxeologiya parkiga aylantirmoqda

  • Nima uchun xitoyliklar spirtli ichimliklarni ko‘llar bilan o‘lchashi va Farg‘ona uzumi imperiyaning ta’m didini abadiy o‘zgartirib yuborgani haqida