Qirg‘iziston hukumati sanksiya xavfi yuqori bo‘lgan operatsiyalarga aloqador bo‘lishi mumkin deb hisoblanayotgan 50 ta yuridik shaxsni tugatish jarayonini boshladi. Bu qaror G‘arb hamkorlari, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining tegishli idoralari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilingan. Bu haqda «Kabar» agentligiga mamlakat prezidentining sanksiya siyosati va sanksiya xavflarini kamaytirish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Bakit Sidiqov ma’lum qildi.
Mulozimning ta’kidlashicha, u joriy yilning 3 iyun kuni Sadir Japarov farmoni bilan mazkur lavozimga tayinlangan bo‘lib, ayni paytda mamlakat hukumati raisi o‘rinbosari maqomida ham faoliyat yuritmoqda.
Maxsus vakilning ta’kidlashicha, geosiyosiy taranglik va xalqaro cheklovlarga rioya etilishiga bo‘lgan e’tibor kuchaygan sharoitda
Qirg‘iziston o‘z hududi, moliyaviy tizimi va iqtisodiyotning ayrim tarmoqlaridan sanksiyalarni chetlab o‘tish yoki noqonuniy faoliyat yuritish uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tizimli choralar ko‘rmoqda.
Respublika virtual aktivlar sohasiga alohida e’tibor qaratmoqda, chunki raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi jinoiy daromadlarni legallashtirish, noqonuniy tashkilotlarni moliyalashtirish, cheklovlarni chetlab o‘tish va boshqa xavflarni kuchaytirmoqda.
Shu bilan birga, mansabdorning so‘zlariga ko‘ra, davlatning vazifasi texnologiyalar taraqqiyotiga to‘sqinlik qilish emas, balki innovatsiyalar, xavfsizlik va xalqaro ishonch o‘rtasida muvozanatni ta’minlaydigan samarali tartibga solish mexanizmini shakllantirishdan iborat.
Shu munosabat bilan Qirg‘iziston prezidenti huzurida yaqinda tashkil etilgan Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha milliy agentlikning ahamiyati yuqori ekani qayd etildi.
Sidiqovning qo‘shimcha qilishicha, nazorat organlari moliyaviy xizmatlar sohasiga ham alohida e’tibor qaratib, bozor ishtirokchilari faoliyatini doimiy monitoring qilib bormoqda. Qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda litsenziyani bekor qilishgacha bo‘lgan qat’iy choralar ko‘riladi.
Prezidentning maxsus vakili tegishli idoralar oldiga bir qator ustuvor vazifalar qo‘yilganini ta’kidladi. Ular qatorida qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, sanksiya xavflarini monitoring qilish va baholashni kuchaytirish hamda IT-xizmatlari ko‘rsatuvchilarining faoliyati shaffofligini oshirish vazifalari bor.
Sidiqovning fikricha, Qirg‘iziston sanksiya siyosati masalalarida ochiq, mas’uliyatli va konstruktiv yondashuvni qo‘llab-quvvatlab, xalqaro huquq, milliy qonunchilik va o‘zining xalqaro majburiyatlariga sodiqligini namoyon etmoqda.
Shu bilan birga, Sidiqov respublika cheklov choralarini qo‘llashda vazmin va xolis yondashuv tarafdori ekanini ta’kidladi. Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, bir tomonlama sanksiyalarni uchinchi davlatlar va xalqaro savdoning halol ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etish amaliyoti iqtisodiy xavflarni chuqur tahlil qilishni talab etadi.



