Qirg‘iziston prezidenti IT-kompaniyalar va blogerlarni soliqdan ozod qildi

banks.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, IT sohasidagi kompaniyalar, blogerlar hamda ayrim kreativ faoliyat vakillari besh yil muddatga ko‘plab soliq turlarini to‘lashdan ozod etiladi. Hujjat davlat rahbarining rasmiy saytida e’lon qilindi.

Farmonga ko‘ra, imtiyoz daromad solig‘iga to‘liq tatbiq etilmaydi. Biroq bu holatda ham yengillik nazarda tutilgan. Ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari daromad solig‘ini amaldagi 10 foiz o‘rniga 5 foiz stavka bo‘yicha to‘laydi.

Hujjatga muvofiq, quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi subyektlar imtiyozlardan foydalanadi:

✅ noyob texnologiyalarga asoslangan startaplar;

✅ dasturiy ta’minot va axborot tizimlarini, jumladan sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiquvchi kompaniyalar;

✅ internetda omma uchun ochiq bo‘lgan matnli, grafik, audio va videomateriallarni yaratish, joylashtirish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchilar (blogerlar faoliyati);

✅ biznes jarayonlarini masofaviy autsorsing asosida amalga oshiruvchi kompaniyalar;

✅ kinofilmlar, video va televideniye dasturlarini ishlab chiqaruvchilar;

✅ Qirg‘iziston hukumati belgilaydigan boshqa kreativ va ijodiy faoliyat turlari.

Shu bilan birga, mazkur toifadagi tadbirkorlar uchun davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta badallari stavkasi o‘rtacha oylik ish haqining 12 foizi miqdorida belgilanadi.

Bundan tashqari, Japarov boshqa ayrim biznes turlari uchun yagona soliqning qat’iy stavkalarini ham tasdiqladi. Shunday qilib, Bishkek va O‘sh shaharlaridagi sauna, hammom va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona soliq stavkasi 5 foiz qilib belgilandi, respublikaning boshqa hududlaridagi kafe va restoranlar uchun esa mazkur stavka 3 foizni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, mazkur o‘zgarishlargacha umumiy ovqatlanish sohasi Bishkek va O‘sh shaharlarida 1 foiz, boshqa aholi punktlarida esa 0,5 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lab kelgan.

Shuningdek, yagona soliq asosida soddalashtirilgan soliq tizimidan foydalanuvchi soliq to‘lovchilarga ixtiyoriy ravishda umumiy soliq rejimiga o‘tish huquqi berildi. Buning uchun tegishli hujjatlar 2026 yil 1 oktyabrga qadar davlat organlariga taqdim etilishi lozim.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi mojarolar oqibatida jabrlangan Botken viloyati aholisi uchun davlat mablag‘lari hisobidan qurilayotgan uy-joylarni barpo etayotgan qurilish kompaniyalarining soliq qarzlari hisobdan chiqariladi.

Biroq, respublika rahbari oltin va kumush qazib olish hamda qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tog‘-kon korxonalari uchun daromad solig‘i stavkalarini oshirishga qaror qildi. Soliq yukining oshishi qimmatbaho metallarning xalqaro tovar birjalaridagi narxlariga bog‘liq holda belgilanadi.

Shuningdek, Japarov farmoni bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya hududidan Qirg‘izistonga noqonuniy olib kirilgan tovarlar uchun tabaqalashtirilgan jarimalar joriy etildi. Bunda jarima miqdori kontrabanda mahsulotining qiymatiga qarab belgilanadi.