Serdar Berdimuhamedov iqtisodiy va siyosiy ixtisosliklar bo‘yicha professor unvonini oldi hamda Turkmaniston Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi. Bu haqda “Zolotoy vek” (TDX) nashri xabar berdi.
Yangi maqomlar davlat rahbariga Turkmanistonda har yili 12 iyun kuni nishonlanadigan Fan kuni arafasida berildi. Tantanali marosim Fanlar akademiyasida bo‘lib o‘tdi.
Berdimuhamedov professor unvoniga «milliy va umuminsoniy ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy-ishlab chiqarish, innovatsion-sanoat, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnik islohotlarni amalga oshirish, zamonaviy ilm-fanga katta hissa qo‘shish, tinchliksevar ichki va tashqi siyosat yuritish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ulkan xizmatlari» uchun loyiq deb topilgan. Shuningdek, u aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, iqtisodiyot va ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, bilimli yosh avlodni tarbiyalash hamda Turkmanistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash borasidagi faoliyati inobatga olinib akademik etib saylangan.
Shu tariqa, 44 yoshli Serdar Berdimuhamedov o‘z otasi — Turkmanistonning ikkinchi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yo‘lini takrorladi. U ham mamlakatdagi eng yuqori ilmiy daraja va unvonlarga ega bo‘lgandi. Turkmanistonda «Arkadag» (homiy) deb ataladigan 69 yoshli Gurbanguli Berdimuhamedov tibbiyot fanlari doktori, iqtisod fanlari doktori, professor va Fanlar akademiyasi akademigi hisoblanadi. Uning muallifligida tibbiyot, falsafa, madaniyat, ma’naviyat, alabay zotli itlar, axalteke otlari, sport va boshqa mavzularga bag‘ishlangan 60 dan ortiq kitob nashr etilgan.
Serdar Berdimuhamedov nomi bilan hozircha to‘rtta kitob chop etilgan.
Ta’kidlash joiz, Serdar Berdimuhamedov 2001 yili S.A. Niyozov nomidagi Turkman qishloq xo‘jaligi universitetini muhandis-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2008–2011 yillarda Turkmanistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi-elchi lavozimida ishlagan. Shu davrda u Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya akademiyasida «Xalqaro munosabatlar» mutaxassisligi bo‘yicha ikkinchi oliy ta’limini olgan. 2014 yil avgust oyida Turkmaniston Fanlar akademiyasida nomzodlik dissertatsiyasini, 2015 yil iyul oyida esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2022 yil mart oyida Prezident etib saylangan.



