Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) infratuzilmasi orqali neft tashigan fuqarolik kemalariga uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan uyushtirilgan hujumlarni respublika iqtisodiy manfaatlariga tajovuz deb baholadi. Bu haqda vazirlikning 19 iyul kuni e’lon qilingan bayonotida so‘z yuritilgan.
Gap 17 va 19 iyul kunlari Qora dengiz akvatoriyasida sodir bo‘lgan hodisalar haqida bormoqda. O‘shanda dronlar Qozog‘iston neftini tashishda ishtirok etgan bir nechta tankerga hujum qilgan.
«Bunday hujumlarni Qozog‘iston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tajovuz, shuningdek, qonuniy xalqaro savdo, jahon energetika bozorlari va global transport-logistika ta’minot zanjirlari xavfsizligini izdan chiqarishga qaratilgan maqsadli harakatlar deb hisoblaymiz», — deya ta’kidlangan vazirlik bayonotida.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligida fuqarolik kemalari haqida axborot almashish bo‘yicha kelishilgan mexanizm «ataylab inobatga olinmagani»ni, bu esa ekipaj a’zolarining hayoti va xavfsizligini xavf ostiga qo‘yganini ma’lum qildi.
Qozog‘iston xalqaro hamjamiyat va hamkor davlatlarni bunday harakatlarni xalqaro darajada «qat’iy qoralash»ga chaqirdi.
«Faqat xalqaro huquq me’yorlariga so‘zsiz rioya etilishi bunday hodisalarning takrorlanishining oldini olishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz», — deya ta’kidlaydi vazirlik. Shuningdek, Qozog‘iston hujumlar oqibatida yetkazilgan zararni har tomonlama baholash ishlarini olib borayotganini ma’lum qildi.
Ushbu ishlar yakunlariga ko‘ra, respublika o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun xalqaro huquqda nazarda tutilgan barcha mexanizmlardan, jumladan, yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha talablar qo‘yish huquqidan foydalanishini ma’lum qildi.
Kaspiy quvur konsorsiumi Qozog‘iston neftini jahon bozorlariga eksport qilishning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakat neft eksportining 80 foizdan ortig‘i ushbu tizim orqali amalga oshiriladi. Uzunligi taxminan 1,5 ming kilometr bo‘lgan quvur G‘arbiy Qozog‘istondagi neft konlarini Qora dengiz sohilida joylashgan dengiz terminali bilan bog‘laydi. U yerdan neft tankerlarga yuklanib, eksport qilinadi. Konsorsium aksiyadorlari qatorida Rossiya, Qozog‘iston, AQSHning Chevron kompaniyasi hamda boshqa xalqaro neft-gaz korporatsiyalari bor.
So‘nggi vaqtlarda Kaspiy quvur konsorsiumining kemalari va infratuzilmasi muntazam ravishda hujumlarga uchramoqda. Bu esa neft eksportida uzilishlarga va Qozog‘istonda neft qazib chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.
Yanvar oyida uchuvchisiz uchish apparatlari konsorsium terminali yaqinidagi ikki tankerga zarar yetkazgan edi. Ulardan biri AQSHning Chevron kompaniyasi, ikkinchisi esa «QazMunayGaz»ning sho‘ba tuzilmasi tomonidan fraxt qilingan. O‘shanda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi «jiddiy xavotir» bildirib, mamlakat hech qanday qurolli mojaro tomoni emasligini eslatgan edi.
Iyul oyi boshida Chevron tomonidan fraxt qilingan va KQK terminaliga yuk ortish uchun yo‘l olgan Yasa Polaris tankeri ham uchuvchisiz uchish apparatlari hujumiga uchradi. O‘shanda kema jiddiy zarar ko‘rmagan edi.
17 iyul kuni esa konsorsiumning dengiz terminali tomon harakatlanayotgan Nordic Zenith tankeriga dronlar hujum qildi. Ikki karra hujumdan so‘ng kema bortida yong‘in kelib chiqqan va ekipaj halokat signali yuborgan. Konsorsium kemalari 13 nafar dengizchini evakuatsiya qilgan, yana to‘qqiz nafari esa o‘z xohishi bilan kema bortida qolgan. Ekipaj sa’y-harakatlari bilan yong‘in o‘chirilgan, ammo tanker shikastlanib, neft yuklash uchun yaroqsiz holga kelgan.



