Qozog‘istonda xitoyliklar ishtirokida noqonuniy oltin qazib olishga oid yana bitta holatga chek qo‘yildi

pixabay.com sayti fotosurati

Qozog‘istonning Sharqiy Qozog‘iston viloyatida tarkibiga Xitoy fuqarolari ham kirgan noqonuniy oltin qazib oluvchilar guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi (MMA) matbuot xizmati xabar qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy oltin qazib olish ishlari Marqako‘l tumanida, Oqbuloq qishlog‘i yaqinida amalga oshirilgan. Kon kerakli ruxsatnoma hujjatlarisiz taxminan 30 gektar maydonda og‘ir texnika va sanoat majmualari yordamida o‘zlashtirilgan.

Noqonuniy faoliyat oqibatida atrof-muhitga katta zarar yetkazilgan. Xususan, unumdor tuproq qatlami yo‘q qilingan, hududning tabiiy relefi buzilgan hamda daryo o‘zani o‘zgartirilgan.

«Noqonuniy faoliyatga 30 nafardan ortiq shaxs, jumladan Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari ham jalb etilgan», — deyiladi Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi xabarida.

Tintuvlar chog‘ida huquqni muhofaza qiluvchi organlar 40 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega oltita samosval, to‘rtta zanjirli ekskavator, bitta frontal yuklagich, shuningdek, oltin saqlovchi ma’danni qazib olish va yuvishga mo‘ljallangan ikkita sanoat majmuasini musodara qilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Bu Sharqiy Qozog‘iston viloyatida noqonuniy oltin qazib olishga qarshi ko‘rilgan birinchi chora emas. 23 iyul kuni O‘skaman shahri sudi Ulan tumanida noqonuniy oltin qazib olishda ayblangan mahalliy aholi va Xitoy fuqarolaridan iborat guruhga nisbatan hukm chiqargandi.

Sharqiy Qozog‘iston viloyati prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, mahkumlar 2024–2025 yillarda hech qanday ruxsatnomasiz Katta Shibindi va Kichik Shibindi daryolari vodiylarida taxminan 15 kilogramm oltin qazib olgan. Davlatga yetkazilgan zarar 766 million tengeden (1,6 million AQSH dollari) oshgan.

Sud ayblanuvchilarni ayniqsa yirik miqdorda qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olganlikda aybdor deb topib, ularga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Prokuratura mahkumlar soni va jazo muddatlarini ochiqlamagan. Ularga nisbatan qo‘llanilgan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 295-1-moddasiga ko‘ra, eng ko‘p jazo yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, taxminan bir oy avval politsiya Sharqiy Qozog‘iston viloyatida qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullangan yirik jinoiy sxemani fosh etganini ma’lum qilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yashirin ishlab chiqarish qonuniy mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati niqobi ostida yuritilgan. O‘shanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar 63 nafar shaxsni, jumladan gumon qilingan tashkilotchilar va 13 nafar xorijiy fuqaroni qo‘lga olgandi