Qirg‘iziston YEI tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar faoliyatini to‘xtatdi

Qirg‘iziston hukumati belgilangan tartibda Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 21-paketiga kiritilgan uchta kompaniya — «Shisan», «Rama grupp» va «Nova Proyekt» faoliyatini to‘xtatdi. Shu sababli kriptovalyuta operatsiyalari bilan shug‘ullangan yuridik shaxsning litsenziyasi ham bekor qilingan. Bu ma’lumotni Qirg‘iziston Iqtisodiyot vaziri va prezidentning sanksiya siyosati masalalari bo‘yicha maxsus vakili Bakit Sidiqov ma’lum qildi, deb xabar beradi Economist.kg.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, idoralararo ishchi guruh iyun oyi oxiridan boshlab sanksiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan 40 ga yaqin kompaniyani aniqlagan. Vazir ta’kidlashicha xalqaro hamkorlar AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan o‘rnatilgan cheklovlarni chetlab o‘tishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholamoqda.

Sidiqov tekshiruvdan o‘tkazilgan boshqa korxonalarning nomlari va ularning faoliyat sohalarini ma’lum qilmadi. U faqat xavf hududida bo‘lgan tashkilotlarni monitoring qilishni yakunlash uchun davlat organlariga bir hafta muddat berilganini aytdi.

Shu bilan birga, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 21-paketiga kiritilgan «EkoIslamikBank» cheklov ro‘yxatiga kiritilgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Bank vakillari mazkur tashkilotlar va jismoniy shaxslar bilan hech qanday operatsiyalar amalga oshirilmasligini ma’lum qildi.

Bankda ta’kidlanishicha, ular ichki komplayens-nazorat talablari va xalqaro moliyaviy monitoring standartlariga muvofiq ish olib borishmoqda. Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan ishlashda nazorat choralari haqida yaqin vaqt ichida batafsil ma’lumot taqdim etishga va’da berildi.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston Milliy banki Yevropa Ittifoqining yangi sanksiya ro‘yxatiga mahalliy tashkilot kiritilganiga qaramay, mamlakat bank tizimi barqarorligini saqlab qolayotgani haqida bayonot berdi. Regulyator rahbariyati ta’kidlashicha, tijorat banklarining likvidligi yetarli darajada saqlanmoqda.

Milliy bank vakillari sanksiyalarga tushgan moliyaviy tashkilotlar holati har kuni kuzatib borilayotganini ma’lum qildi. Jumladan, yaqinda cheklovlar joriy etilgan bank yuqori likvidlikka ega bo‘lib, uning mamlakat ichidagi barcha operatsiyalari odatiy tartibda amalga oshirilmoqda.

Regulyator shuningdek, bugungi kunda xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari vaqtincha to‘xtatilganini tushuntirdi. Bunga sabab — hamkorlar bilan keyingi hamkorlikni davom ettirish va to‘lov tizimlari talablariga rioya etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilayotganidir. Qirg‘iziston Milliy banki ushbu vaziyat ham to‘liq nazorat ostida ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyida Qirg‘iziston hukumati sanksiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan operatsiyalarda ishtirok etgani aniqlangan 50 ta yuridik shaxsni tugatish ishlari boshlanganini ma’lum qilgandi. O‘shanda amaldorlar tegishli qaror G‘arb hamkorlari, xususan, AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi idoralari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilinganini ta’kidlashgandi.