2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga 9,3 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazmalari kelib tushgan. Bu haqda mamlakat Markaziy banki ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 13 foizga ko‘pdir. O‘sha vaqtda O‘zbekistonga 8,2 milliard dollar mablag‘ kelib tushgan edi. Shuningdek, bu 2021 yildagi ko‘rsatkichdan (3,3 milliard dollar) qariyb uch barobar ko‘pdir.
O‘zbekistondan xorijga chiqarilgan mablag‘lar hajmi 1,3 milliard dollarni tashkil etgan. Natijada ijobiy saldo 8 milliard dollarga yetgan. 2025 yil birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra esa bu ko‘rsatkich 7 milliard dollar bo‘lgan.
Markaziy bankda ta’kidlanishicha, pul o‘tkazmalarining katta hajmi yilning birinchi yarmida valyuta kursining barqaror saqlanishidagi asosiy omillardan biri bo‘lgan. Bunga eksport tushumlarining o‘sishi va yuridik shaxslar tomonidan valyuta taklifi ortishi ham ta’sir ko‘rsatgan.
Milliy valyuta kursi 11 935 — 12 320 so‘m/AQSH dollari oralig‘ida o‘zgarib turgan va hisobot davri yakuniga ko‘ra 12 009 so‘m/AQSH dollarini tashkil etgan. Bu yil boshidagi darajaga deyarli teng bo‘lgan.
Aholi tijorat banklariga 12,3 milliard dollar miqdorida valyuta sotgan. Bu 2025 yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichga (9,1 milliard dollar) nisbatan qariyb 1,4 barobar ko‘pdir. Fuqarolar esa 6,8 milliard dollar miqdorida valyuta sotib olgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foiz ko‘p (5,4 milliard dollar).
Natijada aholi tomonidan taklif etilgan xorijiy valyuta hajmi unga bo‘lgan talabdan 5,5 milliard dollarga oshib ketgan.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonga kelayotgan pul o‘tkazmalari umumiy hajmida Rossiya ulushi kamayganini ma’lum qilgandi — 77,6 foizdan 72,4 foizgacha. Shu bilan birga, boshqa davlatlarning ulushi oshgan. Jumladan, Qozog‘iston ulushi 1 foizga oshib, 4,1 foizga yetgan. Janubiy Koreya ulushi ham 4,1 foizni tashkil etgan bo‘lib, u 0,6 foizga o‘sgan.



