Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari 23 avgust kuni Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Hujjat Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifining asosiy natijasi sifatida e’tirof etildi. Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, shartnomaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlar «mutlaqo tarixiy cho‘qqi»ga ko‘tarilganini tasdiqlaydi.

Aliyev, o‘z navbatida, bunday natijaga erishishda Mirziyoyevning rolini alohida ta’kidladi.

«Shavkat Miromonovich O‘zbekistonga rahbar bo‘lishidan oldin mamlakatlarimiz o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha mavjud emas edi. Bugun esa biz tovar aylanmasini bir milliard dollarga yetkazish maqsadi haqida qandaydir uzoq orzu sifatida emas, balki ehtimol, bir-ikki yildan so‘ng erishadigan natijamiz sifatida gapiryapmiz», — dedi Ozarbayjon rahbari OAV uchun bergan bayonotida.

APA.az ma’lumotiga ko‘ra, Shartnomada Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘z munosabatlarini abadiy do‘stlik, o‘zaro ishonch, strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida qurishi qayd etilgan.

Tomonlar boshqa tomonning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazuvchi har qanday blok yoki ittifoqlarda ishtirok etmaslik, shuningdek, o‘z hududlaridan uchinchi davlatlar tomonidan mazkur manfaatlarga zarar yetkazish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oladi.

Tomonlar mojarolarning oldini olish va ularni hal etishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) markaziy rolini mustahkamlashga sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirish uchun ijtimoiy asosni mustahkamlashga ko‘maklashishga kelishib oldi.

Iqtisodiy sohada tenglik va o‘zaro manfaat tamoyillari asosida savdo va investitsiyalarni rivojlantirish, energetika, transport va logistika, raqamli taraqqiyot, qishloq xo‘jaligi, «yashil» va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. O‘zaro bog‘langan transport tizimini mustahkamlash va tranzit salohiyatini oshirish, jumladan, O‘rta koridorni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Gumanitar sohada Shartnoma xalqlarning ma’naviy, ta’limiy va madaniy yaqinligini saqlashga har tomonlama ko‘maklashish, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, yoshlar siyosati, turizm va sport sohalarida almashinuvlarni rivojlantirishni nazarda tutadi. Tomonlar ozarbayjon va o‘zbek tillarini o‘zaro o‘rganish uchun sharoit yaratadi, mintaqalararo hamkorlik va shaharlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, ikki mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilishga ko‘maklashadi.

Shartnoma imzolanishidan avval prezidentlarning «yuzma-yuz» formatidagi uchrashuvi, shuningdek, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda so‘nggi besh yil ichida o‘zaro savdo hajmi uch barobar oshgani, qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 5 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi. Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha o‘ndan ortiq hujjat imzolandi. Ular orasida:

▪️ 2030 yilga qadar tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish dasturi;

▪️ pensiya ta’minoti sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv;

▪️ madaniyat va turizm sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar;

▪️ investitsiyalar va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi va boshqa hujjatlar.

Tashrif doirasida bank-moliya sohasi, neft-gaz sanoati, tog‘-kon sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm, uy-joy qurilishi, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, nazorat paketini Ozarbayjon Xalqaro banki sotib olgan Davr Bank, «Matanat-A» gips zavodi, Landau nomidagi ikkita STEAM-maktab ochildi. Shuningdek, Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi SOCARning beshta yangi AZSi, Sea Breeze Uzbekistan (Agalarov Development) turar-joy va kurort majmuasi, Baku City turar-joy majmuasi, kumush tarkibli rudani boyitish fabrikasi, Gold Fresh Fruits mevazorlarini barpo etish loyihalari hamda Yangi Toshkentda «Ozarbayjon» bog‘ini qurish loyihalariga poydevor qo‘yish ishlariga start berildi.

Shuningdek, tomonlar 2027 yilda yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionatini birgalikda o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida «Ikki mamlakat — bir chempionat» nomli keng ko‘lamli dasturni amalga oshirishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, prezidentlarni oliy davlat mukofotlari bilan o‘zaro taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ilhom Aliyev O‘zbekistonning «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni, Shavkat Mirziyoyev esa Ozarbayjonning «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi.