Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi Qurultoy saylovlarining dastlabki natijalarini e’lon qildi

t.me/electionelection fotosurati

Prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi «Adilet» partiyasi Qozog‘istonning yangi bir palatali parlamenti — Qurultoyga ilk saylovlarda g‘alaba qozondi. Bu haqda 24 avgust kuni e’lon qilingan Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlari guvohlik bermoqda.

Dastlabki ovoz berish natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 71,17 foizi — 12 623 289 nafar saylovchidan 6 528 948 nafari — Adiletga ovoz bergan. 2026 yilda tashkil etilgan va prezident Qosim-Jomart To‘qayev siyosiy yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlovchi partiya 145 o‘rinning ko‘p qismini egallashi kutilmoqda.

Jami beshta partiya parlamentga o‘tish uchun zarur bo‘lgan 5 foizlik to‘siqdan o‘toldi. Bular: «Adilet» — 71,17 foiz, «Auil» — 6,26 foiz, Respublica — 5,56 foiz, «Aq jol» — 5,21 foiz va Umummilliy sotsial-demokratik partiya — 5,11 foiz.

Qozog‘iston Xalq partiyasi (QXP) 3,11 foiz ovoz bilan, «Baytak» partiyasi esa 1,07 foiz ovoz bilan Qurultoyga o‘ta olmadi. Saylovning yakuniy natijalarini Markaziy saylov komissiyasi keyinroq e’lon qiladi.

Saylovchilar ishtiroki 74,08 foizni tashkil etgan.

23 avgust kuni Qozog‘istonda yangi bir palatali parlament — Qurultoy deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish kuni mamlakatda 10 mingdan ortiq saylov uchastkasi, jumladan, xorijda 79 ta uchastka ishlagan.

Bu saylovlar 1 iyul kuni Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi kuchga kirganidan keyingi ilk saylov bo‘ldi. Asosiy qonun ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tishni nazarda tutadi. Qurultoy 145 nafar deputatdan iborat bo‘lib, ular partiya ro‘yxatlari asosida saylanadi. Deputatlarning vakolat muddati besh yilni tashkil etadi. Mandat olish uchun partiyalar kamida 5 foiz ovoz to‘plashi kerak.

Ta’kidlash joiz, shu yil yozining boshlarida Qozog‘istonda hokimiyatdagi partiya «Amanat» edi. U respublika birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ko‘p yillar rahbarlik qilgan «Nur Otan» partiyasining huquqiy vorisi hisoblanadi. Biroq, iyun oyi o‘rtasida «Amanat» «yosh» «Adilet» partiyasi bilan birlashishini e’lon qildi. «Adilet» o‘tgan bahorda tuzilgan bo‘lib, To‘qayev tarafdorlari, shuningdek, uning prezidentligi davrida o‘z mavqeini mustahkamlagan biznes vakillari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan. Davlat rahbarining o‘zi partiya faoliyatidan rasman masofani saqlab kelmoqda.

Kutilishicha, saylov natijalari rasman tasdiqlanib, deputatlarning vakolatlari rasmiylashtirilganidan so‘ng To‘qayev Qurultoyning birinchi sessiyasini chaqiradi va deputatlar qasamyod qabul qiladi.

Yangi parlament ish boshlashi bilan amaldagi hukumat o‘z vakolatlarini topshirishi shart. Yangi Bosh vazir tayinlanganidan so‘ng o‘n kun ichida hukumatning tuzilmasi va tarkibi bo‘yicha taklif kiritadi. Prezident Kurultoy bilan maslahatlashuvlardan so‘ng hukumat a’zolarini tayinlaydi. Shuningdek, vitse-prezident ham tayinlanadi. U, jumladan, mamlakatni xalqaro va ichki tadbirlarda taqdim etadi.