Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputatlari Maqsat Asanaliyevni respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi lavozimiga tasdiqladi. Bunga qadar amaldor ushbu idoraga rais vazifasini bajaruvchi maqomida rahbarlik qilgan. Mazkur masala bo‘yicha ovoz berish 2 sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi parlament matbuot xizmati.
Majlisda prezident va mamlakat hukumatining Jogorku Keneshdagi vakili Bektur Zulpiyev so‘zga chiqdi. U deputatlarga davlat rahbarining taqdimnomasini hamda MXDQ rahbari lavozimiga nomzod haqidagi ma’lumotlarni o‘qib eshittirdi.
Yakunda Asanaliyevning nomzodi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. 87 nafar deputat nomzod uchun ovoz berdi, hech kim qarshi chiqmadi.
Parlament matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, bunga qadar Jogorku Kenesh vakillari maxsus xizmatning yangi rahbarini Qirg‘iziston Bosh prokurori lavozimidan ozod etishga rozilik bergan edi.
Asanaliyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga amalda 30 iyundan beri rahbarlik qilib keladi. O‘sha kuni respublika prezidenti Sadir Japarov uni mazkur lavozimga vazifani bajaruvchi sifatida tayinlagan edi. Asanaliyev bu lavozimda Jumgalbek Shabdanbekovning o‘rnini egallagan. Shabdanbekov joriy yil fevral oyida Kamchibek Tashiyevning shov-shuvli iste’fosidan so‘ng MXDQ raisi lavozimiga tayinlangan edi.
ℹ️ Maqsat Asanaliyev 1978 yilda Issiqko‘l viloyatida tug‘ilgan. Qirg‘iz milliy universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. 2001 yildan 2010 yilgacha MXDQda tergovchi va o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi, jumladan, Tergov boshqarmasida faoliyat yuritgan. Ikki yil davomida Bosh prokuraturada o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi lavozimida ishlagan, so‘ng Tergov boshqarmasiga qaytgan. Keyinchalik ichki tekshiruvlar bo‘limiga rahbarlik qilgan, Bishkek shahri Pervomayskiy tumani prokurori bo‘lgan va Bosh prokuraturada rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2022 yil may oyidan O‘sh viloyati prokurori sifatida faoliyat yuritgan, 2024 yil iyun oyida esa Bosh prokuror lavozimiga tayinlangan.



