Chechenistonlik faol Mansur Movlayev Olmaotada ikkinchi bor o‘z joniga qasd qilishga urindi

Mansur Movlayev. Ijtimoiy tarmoqdan olingan fotosurat

Rossiyaga ekstraditsiya qilinish xavfi ostida Qozog‘istonda bo‘lib turgan chechenistonlik faol Mansur Movlayev ikkinchi bor o‘z joniga qasd qilishga urindi. Bu haqda Rossiya Antivoyenniy qo‘mitasi ma’lum qildi. Hodisa u Olmaota SIZOsidagi birinchi urinishdan so‘ng yotqizilgan shifoxonada sodir bo‘lgan.

Movlayevni qo‘llab-quvvatlovchi guruh ma’lumotiga ko‘ra, u shifoxonada bo‘yin sohasini kesgan. Suisaqsdga ikkinchi bor urinishdan so‘ng uning ahvoli haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Movlayev birinchi marta 15 sentyabr kuni tergov hibsxonasida o‘z joniga qasd qilishga uringan. Faol o‘zining ehtimoliy Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi bilan bog‘liq qarorini izohlovchi vasiyatnoma qoldirgan.

«Meni kechiring, men adolatsizlikdan charchadim! Na sud, na prokuratura bizni eshitmayapti! Ular [qodirovchilar] meni qiynaydi, azoblaydi va o‘ldiradi, keyin esa o‘z joniga qasd qildi, deb aytishadi. Men endi o‘zimni qiynashlariga yo‘l qo‘ymayman! 16 oy davomida ekstraditsiya bo‘lish qo‘rquvi va umid bilan yashadim… Hozir esa faqat qo‘rquv!» — deb yozgan Movlayev.

U qoldirgan xatida, shuningdek, o‘zini Qozog‘istonda dafn etishlarini va Olmaota SIZOsida u bilan birga saqlanayotgan hamda Rossiyaga ekstraditsiya qilinishi mumkin bo‘lgan rossiyalik faol Yuliya Yemelyanovaga yordam berishlarini so‘ragan.

Qozog‘iston hukumati avvalroq Movlayevga qochqin maqomini berishni rad etgan. Ma’muriy ishlar bo‘yicha kassatsiya sudi unga boshpana berishni rad etgan quyi sudlar qarorlarini o‘zgarishsiz qoldirgan. Shu bilan birga, 23 fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qozog‘istonni Movlayev shikoyatini ro‘yxatga olib, murojaat ko‘rib chiqilgunga qadar faolni Rossiyaga ekstraditsiya qilishdan tiyilishga chaqirgan.

Mansur Movlayev Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiquvchi «Adat» muxolifat harakati ishtirokchisi. 2020 yilda faol Rossiyada giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bo‘yicha sudlangan. Chechenistonlik faollar bu ish soxtalashtirilganini ta’kidlaydi.

2022 yilda muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinganidan so‘ng, Movlayevning aytishicha, u chechen politsiyasi xodimlari tomonidan o‘g‘irlangan va maxfiy qamoqxonada saqlangan. Keyinchalik u Qirg‘izistonga, u yerdan esa Qozog‘istonga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Bu orada Rossiyada unga nisbatan ekstremizm ishi bo‘yicha federal qidiruv e’lon qilingan.

2025 yil may oyida faol Moskva so‘roviga asosan Olmaotada qo‘lga olingan va ekstraditsiya hibsxonasiga joylashtirilgan.