7,5 milliard dollarlik loyihalar: Qoraqalpog‘istonda oltin va raqamli valyuta ishlab chiqariladi

Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (O‘zbekiston tarkibidagi suveren respublika) tashrifi chog‘ida umumiy investitsiya qiymati 7,5 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 50 dan ortiq yangi loyihani ishga tushirdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, ular raqamli valyuta, oltin qazib olish, transport, energetika va boshqa sohalardagi korxonalarni o‘z ichiga oladi.

Prezident qiymati 592 million dollar bo‘lgan 11 ta tashabbusni ishga tushirdi hamda umumiy qiymati 7 milliard dollarlik 47 ta yangi obyekt va korxona qurilishiga start berdi. Natijada Qoraqalpog‘istonda 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi. Ushbu loyihalarning barchasi xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Qo‘ng‘irot, Taxiatosh va Taxtako‘pir tumanlarida xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 2,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, qiymati 150 million dollarga baholanayotgan Linkwise kompaniyasining modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Qorao‘zak tumanida joylashgan «Zengibobo» konida oltin qazib olish korxonasi barpo etiladi. Loyihaga kiritiladigan investitsiyalar hajmi qariyb 20 million dollarni tashkil etadi.

Qator tashabbuslar energetika sohasini qamrab olgan. Xususan, yuqorida tilga olingan tumanda umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi (SHES) hamda quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi allaqachon ishga tushirilgan.

Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan yirik SHES qurilishi bo‘yicha ishlar faol bosqichga kirgan. Keyinchalik stansiya yagona elektr energetika tizimiga ulanadi. Qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan mazkur loyiha Saudiya Arabistonining ACWA kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr magistral elektr tarmoqlarini tortish, shuningdek, bir nechta podstansiyalarni qurish va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Chimboy tumanida koreyalik investorlar ishtirokida respublikada ilk bor shirinmiya ildizini qayta ishlash orqali yiliga 3 million kub metr biogaz ishlab chiqaradigan zavod ishga tushiriladi. Nukusda esa chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi boshlandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston poytaxtida jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan SAPSAN TRANS NO‘KIS korxonasining 20 million dollarlik loyihasi ham ish boshladi. 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan bo‘lib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada 200 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Nukus uchun 112 ta elektrobus xarid qiladi va depo tashkil etilishini moliyalashtiradi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu avtomobil yo‘lining uzunligi 92 kilometr bo‘lgan qismida qurilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha qiymati 233 million dollarga baholanmoqda.

Turkiya kompaniyalari ishtirokida Nukusda «Do‘stlik» kanali sohilida 103 million dollarlik ko‘ngilochar va savdo markazi, dam olish hududlari bilan birgalikda barpo etiladi. Obyekt Toshkentdagi Seoul Moon majmuasi namunasida loyihalashtirilgan. Amudaryo tumanida esa qiymati 15 million dollar bo‘lgan yirik savdo markazi paydo bo‘ladi.

Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy soha ham rivojlanmoqda. Mirziyoyev tashrifi doirasida poytaxtda BAA bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona foydalanishga topshirildi. Qiymati 27 million dollar bo‘lgan muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 100 nafargacha bemorni qabul qila oladi. Bundan tashqari, respublikada Qoraqalpoq ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi, tibbiyot fanlari universiteti va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatuvchi shifoxona tashkil etilmoqda. Oxirgi ikki tashabbus Hindistonlik tadbirkorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev Nukusda tashkil etiladigan yosh oilalar uchun «Yangi O‘zbekiston» turar joy massivi taqdimotida ham ishtirok etdi. 270 gektar maydonda ko‘p qavatli uylar, biznes markazlari, savdo-ko‘ngilochar majmualar va xizmat ko‘rsatish obyektlari quriladi.

Davlat rahbari matbuot xizmati ta’kidlashicha, Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi voqealarga boy bo‘ldi. Jumladan, u Kegeyli tumanidagi bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi, shuningdek, parrandachilik fermasiga, Nukusdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlariga, ta’lim muassasalariga, rekonstruksiya qilingan poytaxtdagi «Turon» stadioniga tashrif buyurdi. Shuningdek, mahallalar aholisi bilan muloqot qildi, faollar va suveren respublika davlat hokimiyati organlari vakillari bilan uchrashuvda nutq so‘zladi.