Qirg‘iziston hukumati xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini o‘zgartirdi. Bu haqda 24.Kg «Qizmat» davlat muassasasi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Hukumatning №600-son qarori bilan tasdiqlangan yangi tartib ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini tartibga solish, hujjatlar va bo‘lish manzillariga qo‘yiladigan talablarni aniqlashtirish, shuningdek, xorijiy fuqarolarning turli toifalari uchun yagona qoidalarni belgilashga qaratilgan.
Ro‘yxatdan o‘tkazish mamlakatga kirib kelgandan so‘ng va ro‘yxatdan o‘tmasdan turib bo‘lish uchun ruxsat etilgan muddatning oxirgi kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi. Agar xorijiy fuqaroning bir nechta fuqaroligi bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazish mamlakatga kirishda foydalanilgan pasport asosida rasmiylashtiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish qabul qiluvchi tomonning arizasida ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha amalga oshiriladi. Agar qabul qiluvchi tomon turar joyning mulkdori bo‘lmasa, mulkdorning notarial tasdiqlangan roziligi yoki ishonchnomasi talab etiladi.
Kvartira va turar joylar uchun bir kishi hisobiga kamida 12 kvadrat metr maydon me’yori belgilangan. Yaqin qarindoshlar bundan mustasno.
Ro‘yxatdan o‘tganlik muddatini uzaytirish viza, yashash guvohnomasi, rezident-karta, «Qayrilman», «Meken-karta» maqomi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi, yagona ruxsatnoma va boshqa hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda mumkin. Muddat amaldagi ro‘yxatdan o‘tganlik muddatining oxirgi kunidan kechiktirmay uzaytirilishi lozim.
Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston va Belarus fuqarolari mehnat shartnomasi, yakka tartibdagi tadbirkorlik guvohnomasi yoki patent asosida bo‘lish muddatini uzaytirishi mumkin. Agar mehnat shartnomasi birinchi marta tuzilgan bo‘lsa va Davlat soliq xizmati bazasida ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, ro‘yxatdan o‘tkazish 60 kungacha beriladi, keyinchalik uni bir yilgacha uzaytirish mumkin.
Vizasiz davlatlardan kelgan talabalarning bo‘lish muddati o‘qishga oid hujjatlar va tibbiy sug‘urta mavjud bo‘lgan taqdirda uzaytiriladi.
Qirg‘izistonda ishlayotgan Tojikiston, Ozarbayjon va Gruziya fuqarolari ro‘yxatdan o‘tganlik muddatini uzaytirish uchun Tashqi ishlar vazirligining yagona ruxsatnomasini olishi kerak.
Qator davlatlar fuqarolari uchun ro‘yxatdan o‘tishdan ozod bo‘lish muddati 60 kundan 30 kunga qisqartirildi. Ro‘yxatga, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa bir qator davlatlar kiritilgan.
Moldova fuqarolari 2026 yil 23 sentyabrdan boshlab Qirg‘iziston hududida har 180 kunlik davrda jami 90 kungacha vizasiz bo‘lishi mumkin.
Agar xorijiy fuqaro 30 kun yoki undan ko‘proq muddatga mamlakatdan chiqib ketsa, uning ro‘yxatdan o‘tganligi avtomatik ravishda bekor bo‘ladi va qaytib kelganidan so‘ng qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Ma’lumotlar, yashash manzili yoki pasport o‘zgargan taqdirda, 10 ish kuni ichida qayta ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.
Qirg‘izistonda tug‘ilgan bolalar xorijiy pasport olganidan keyin 10 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ayrim toifadagi bolalar uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma asosida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham nazarda tutilgan, jumladan, xalqaro shartnomalarning o‘tish qoidalarida belgilangan holatlarda.
Qirg‘izistonning sobiq fuqarolari yashash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida 90 kunga ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Respublikaga ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddati tugashiga uch kun yoki undan kam vaqt qolganda kirib kelgan chet el fuqarolari ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Ayrim hollarda yashash muddati buzilgan taqdirda, huquqbuzarlik to‘g‘risida tegishli bayonnoma mavjud bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tish qo‘shimcha ravishda 30 kalendar kungacha bo‘lgan muddatga rasmiylashtirilishi mumkin.
Bundan tashqari, belgilangan tartibda nazarda tutilgan hollarda, jumladan, yashash manzili o‘zgarganda, yangi pasport yoki yangi viza olinganda, shuningdek, ijara shartnomasi shartlari buzilgan taqdirda qabul qiluvchi tomonning arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tish muddati qisqartirilishi yoki ro‘yxatdan o‘tganlik bekor qilinishi mumkin.
«Qizmat» davlat muassasasi matbuot xizmati xorijiy fuqarolarga mamlakatda bo‘lish va amaldagi ro‘yxatdan o‘tish muddatlarini oldindan tekshirib turishni tavsiya qildi. Bu qonunchilik bilan bog‘liq ehtimoliy muammolarning oldini olishga yordam beradi.



