Oʻzbekiston Energetika vazirligi gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilishi mumkinligidan ogohlantirdi

spot.uz saytidan olingan surat

Oʻzbekiston Energetika vazirligi havo haroratining sovib ketishi sababli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatiga cheklovlar kiritilishi mumkinligi haqida fuqarolarni ogohlantirdi. Bu haqdagi maʼlumot idoraning Telegram-kanalida eʼlon qilindi.

Qayd etilishicha, Oʻzgidromet maʼlumotlariga koʻra, 9–11 noyabr kunlari harorat keskin pasayishi, yomgʻir yogʻishi, shimoliy va togʻli hududlarda esa qorga aylanishi kutilmoqda. Bunda havo harorati manfiy koʻrsatkichlargacha tushib, kechasi ayrim joylarda 7 darajagacha sovuq boʻlishi mumkin.

Energetika vazirligi taʼkidlashicha, Toshkentda va respublikaning boshqa hududlarida isitish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida gaz taʼminotida ustuvorlik aholi xonadonlari, koʻp qavatli uylar, maktablar, bogʻchalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy muassasalarga beriladi.

Shu sababli zarurat tugʻilganda ayrim obyektlar, jumladan metan va propan gaz quyish shoxobchalari faoliyati cheklanishi mumkin.

Gaz quyish shoxobchalarining ish vaqti mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan jadvallar asosida tasdiqlanadi. Isteʼmolchilar bu haqda oldindan ogohlantiriladi, deya vaʼda berdi vazirlik.

Shu bilan birga, idora gaz va elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar bilan bogʻliq har qanday savollar yuzasidan fuqarolar Energetika vazirligining qisqa raqamlariga murojaat qilishlari mumkinligini maʼlum qildi. Shuningdek, «Oʻzenergoinspeksiya» ishonch telefoni orqali resurslardan noqonuniy foydalanish yoki tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulanish holatlari boʻyicha shikoyatlar qabul qilinadi.

Fursatdan foydalanib, mutaxassislar sovuq kunlarda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish boʻyicha bir qator tavsiyalarni berdi:

✅ isitish va gaz jihozlari, moʻrilar hamda shamollatish kanallarining holatini tekshiring;

✅ nosoz moslamalardan foydalanmang, xonani gaz plitasi yordamida isitmang — bu is gazidan zaharlanishga olib kelishi mumkin;

✅ simlar va rozetkalarga ortiqcha yuklama bermang, bitta uzaytirgichga bir nechta kuchli qurilmani ulamang;

✅ yoqilgan isitish moslamalarini nazoratsiz qoldirmang.

Vazirlik, shuningdek, tejamkorlikni yodda tutishga: keraksiz jihozlarni oʻchirishga, isitgichlardan meʼyorida foydalanishga chaqirmoqda. Bu oilaviy xarajatlarni tejaydi va tarmoqqa tushadigan yukni kamaytiradi, deya xulosa qiladi Energetika vazirligi.

Qoʻshimcha qilish joiz, Oʻzbekistonda qish mavsumida AGTKSHlar ishini cheklash odatiy holga aylangan. Bunday choralar rasmiylar tomonidan soʻnggi bir necha yil davomida joriy etilmoqda.