O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar va xorijiy investorlarga mamlakatda videokuzatuv qurilmalari hamda bankomatlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Ushbu turdagi mahsulotlarga respublikaning o‘zida ham, xorijda ham talab yuqori. Bu haqda davlat rahbari elektrotexnika tarmog‘i vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
Respublika rahbarining ta’kidlashicha, mamlakat ichida videokuzatuv qurilmalariga bo‘lgan yillik talab 200 million dollarga, qo‘shni davlatlar bozorlari bilan birga esa 600 million dollarga yetmoqda. Bankomatlarga ham katta ehtiyoj bor: birgina o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekiston 50 million dollardan ziyod mablag‘ga 9 ming dona ana shunday qurilma import qilgan.
Mirziyoyev qayd etganidek, elektrotexnika tarmog‘i shiddat bilan rivojlanmoqda. Xususan, so‘nggi 10 yil ichida sohaga 2 milliard dollar investitsiya yo‘naltirildi, 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi va quyosh panellari, hisoblagichlar hamda transformatorlar singari 100 turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Natijada joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 50 trillion so‘mga (taxminan 4,2 milliard dollar) yetdi. Sohaga har yili 600 million dollargacha investitsiya jalb etilmoqda, eksport hajmi esa 1,6 milliard dollarlik ko‘rsatkichga chiqdi.
Biroq shu bilan birga, biznes respublikaning mavjud salohiyatidan to‘liq foydalangani yo‘q. Masalan, 2030 yilgacha energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Xorijiy kompaniyalar bu loyihalarda mahalliy mahsulotlardan foydalanishga tayyor, lekin ayrim zarur tovar turlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi.
Prezident bu kabi tashabbuslarni amalga oshirish orqali ichki bozor ehtiyojini ta’minlash bilan bir qatorda eksport hajmini 5 milliard dollargacha yetkazish mumkinligini ta’kidladi.
Ushbu yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida kelgusi uch yil ichida elektrotexnika va unga turdosh sanoat sohalarida umumiy qiymati 11,6 milliard dollarlik 164 ta loyihani ro‘yobga chiqarish rejalashtirilmoqda.
Bunda quyidagi yo‘nalishlar nazarda tutilgan:
✅ energetika infratuzilmasi;
✅ kabel mahsulotlari, transformatorlar va nasoslar;
✅ sanoat robototexnikasi va uskunasozlik;
✅ transport hamda elektromobillar uchun mahsulotlar;
✅ elektron komponentlar va mikroelektronika;
✅ maishiy texnika.
Bundan tashqari, ichki bozorda O‘zbekiston elektrotexnikasiga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda. Prezident energetika sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarida mahalliy mahsulotning eng kam ulushi 25 foiz, kabel mahsulotlari bo‘yicha esa 70 foiz bo‘lishi talabi amal qilayotganini eslatib o‘tdi. Endilikda ushbu tartib soliq va boshqa imtiyozlarga ega bo‘lgan yoki davlatdan resurs oladigan, qiymati 10 million dollardan yuqori investitsiya loyihalariga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, mahalliy mahsulotlar — muzlatgichlar, kir yuvish mashinalari, konditsionerlar va boshqa maishiy texnikalarni xarid qilish uchun yillik 18 foiz stavkada iste’mol kreditlari ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Mirziyoyev tadbirkorlar va kadrlar tayyorlashga daxldor yana bir nechta tashabbuslarni ma’lum qildi. Xususan, Nurafshon shahrida «Kelajak texnologiyalari markazi» tashkil etiladi. Uning rezidentlari IT-park vakillarinikidek imtiyozlarga, jumladan nol stavkali import bojlari hamda ilmiy ishlanmalardan olingan daromad solig‘idan ozod qilinish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kelgusi yildan boshlab «Bir ming nafar muhandis-konstruktor» dasturi ishga tushiriladi, uning doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va Yevropa mamlakatlarida stajirovka o‘taydilar.



