Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtmagan, mamlakatga olib kirilayotgan yangi mobil qurilmalarni rasmiylashtirish vaqtincha toʻxtatildi. Hozirda bunday smartfonlar zarur texnik tartib-taomillarni amalga oshirish uchun olib qoʻyilmoqda. Bu maʼlumotni respublika Bojxona qoʻmitasi (BQ) matbuot kotibi Husan Tangriyev oʻzining Telegram-kanalida tasdiqladi.
Mulozim ushbu chora gadjetlarni noqonuniy sxemalar yordamida, masalan, bojxonachilarga soxta IMEI-kodlarni taqdim etish orqali bojsiz olib kirishga urinishlar koʻpayganligi sababli joriy etilganini tushuntirdi.
Tangriyev keltirgan statistikaga koʻra, yil boshidan buyon poytaxt bojxona xizmati 1185 ta smartfon va shunga oʻxshash qurilmalarni respublikaga noqonuniy olib kirish boʻyicha 185 ta holatga chek qoʻydi. Tovarlarning umumiy qiymati 8,8 mlrd soʻmni (732 ming dollar) tashkil etdi.
Taʼkidlanishicha, IMEI-identifikatorlarini, xususan, kodlarning aynan bitta telefonga tegishliligini tekshirish, shuningdek, ushbu kodlar bilan bogʻliq tarmoq insidentlari yuzaga kelishini aniqlash maxsus bilimlarni talab qiladi. Bundan tashqari, koʻp hollarda tekshiruvlarni boshqa vakolatli organlar mutaxassislarini jalb qilgan holda amalga oshirish zarur boʻlmoqda.
«Shu bois mobil qurilmalarning IMEI-identifikatorlarini tekshirish va ularni roʻyxatga olish tartib-taomillariga aniqlik kiritish choralari koʻrildi. Vaziyatga eng qisqa vaqt ichida oydinlik kiritiladi va bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni belgilangan tartibda davom ettiriladi», — deb yozadi Tangriyev.
Biroq BQ vakili gadjetlarni bevosita mamlakatga olib kirish chogʻida rasmiylashtirish jarayoni aniq qachon qayta tiklanishini maʼlum qilmadi.
Qoʻshimcha qilish joizki, «Gazeta.uz» jurnalistlari bilan suhbatda mulozim hozirda yoʻlovchilar xorijdan olib kelayotgan qurilmalar dalolatnoma asosida olib qoʻyilayotganini tasdiqladi. Gadjetlarni identifikatsiya qilish boʻyicha bojxona tartib-taomillari tiklangach, ular egalariga qaytariladi. Ekspertiza qancha vaqt davom etishiga aniqlik kiritilmagan.
Tangriyev, shuningdek, tegishli choralar faqat yangi telefonlarga taalluqli ekanini va sayyohlarga daxl qilmasligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent aeroportida bojxonachilar ayrim hollarda muammoni joyida hal qilishni taklif etayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Yaʼni, ular yangi smartfonni olib qoʻyish paytida texnik tartib-taomillar 30 kungacha vaqt olishi mumkinligini, biroq muayyan toʻlov evaziga qurilmani tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkoniyati borligini tushuntirmoqdalar.
Masalan, yangi rusumdagi iPhone’ni olib kirish uchun rasmiy boj taxminan 150 dollarni tashkil etsa, bojxonadan tezkor oʻtish uchun 450 dollar talab qilinmoqda. Internet foydalanuvchilarining maʼlumotlariga koʻra, bir sutka ichida gadjetlarni rasmiylashtirish qurilma narxiga qarab oʻrtacha 400 dollardan 1100 dollargacha baholanmoqda.
Tangriyev oʻz postida ushbu mavzuga toʻxtalib, smartfonlarni koʻrikdan oʻtkazmasdan bir kun ichida roʻyxatdan oʻtkazish uchun qoʻshimcha yigʻimlar joriy etilgani haqidagi daʼvolarni rad etdi. BQ matbuot kotibi fuqarolarni faqat rasmiy manbalarda eʼlon qilingan maʼlumotlarga ishonishga chaqirdi. Shuningdek, agar kimdir korrupsiya holatiga duch kelsa, 1108 qisqa raqami orqali ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, Bojxona qoʻmitasi bilan bogʻlanish zarurligini ta’kidladi.
Mazkur vaziyatga gadjet sotuvchilari ham munosabat bildirdi. Xususan, mahalliy OAV maʼlumotlariga koʻra, Toshkentdagi «Malika» bozorida yangi smartfonlarning narxi taxminan 200 dollarga qimmatlashdi.
2025 yil 1 maydan Oʻzbekiston shaxsiy foydalanish uchun tovarlarni bojsiz olib kirishning yangi meʼyorlarini joriy etgan edi. Xususan, havo transporti orqali kelayotgan yoʻlovchilar uchun 1000 dollarlik limit belgilangan. Shu bilan birga, mobil qurilmalarni UzIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazish uchun ularni deklaratsiyalash talab etiladi. Har ikki tartib-taomil ham pulli: bojxona rasmiylashtiruvi telefon narxining 30 foizini, roʻyxatdan oʻtkazish esa bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizini tashkil etadi, bu olib kirilgandan keyingi 30 kun ichida 88 ming soʻmga (7 dollar) yoki koʻrsatilgan muddatdan keyin BHMning 25 foiziga tengdir.
Maʼlumot oʻrnida, Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, yanvar-sentabr oylarida Oʻzbekistonga 4 million dona mobil qurilma olib kirilgan. Ularni rasmiylashtirishdan byudjetga tushgan tushumlar 1,6 trillion soʻmdan (133 mln dollar) oshdi.



