Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi (BQ) 11 noyabrdan Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kelingan mobil qurilmalarni rasmiylashtirish qayta tiklanganini maʼlum qildi. Ushbu jarayon, vaziyatga duch kelgan fuqarolarning taʼkidlashicha, 6 noyabrdan toʻxtatib qoʻyilgan edi. Shu bilan birga, rasmiylar texnik ekspertiza uchun muqaddam olib qoʻyilgan gadjetlarni yoʻlovchilarga qaytarishni boshladi. Bu haqda BQ matbuot kotibi Husan Tangriyev maʼlum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».
«Bugundan bojxona rasmiylashtiruvini vaqtincha toʻxtatib turish chorasi bekor qilindi. Mobil telefonlarni olib kirish yana muammosiz amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, shu paytgacha olib qoʻyilgan bir necha yuzlab mobil qurilmalarni qaytarish ishlari allaqachon boshlandi», — deya taʼkidladi qoʻmita vakili.
Biroq u Oʻzbekistonga uchib kelgan fuqarolardan qancha gadjet olib qoʻyilgani va yoʻlovchilar oʻz smartfonlarini aynan qachon toʻliq qaytarib olishiga aniqlik kiritmagan.
Mulozimning soʻzlariga koʻra, kunning birinchi yarmida idora rahbariyati UzIMEI markazi bilan muvaffaqiyatli muzokaralar oʻtkazgan. Natijada markaz mutaxassislarining poytaxt havo bandargohida doimiy boʻlib turishi haqida qaror qabul qilingan. Ular mobil qurilmalarning identifikatsiya IMEI-kodlarini yanada sinchkovlik bilan tekshirish zarurati tugʻilgan hollarda bojxonachilarga koʻmaklashadi.
Shu bilan birga, Tangriyev telefonlarni bevosita aeroportda rasmiylashtirish amaliyotining tiklanishi odatiy tartibda kechganini, bu ijtimoiy tarmoqlardagi jamoatchilik noroziligi hamda BQ faoliyati tanqidiga nisbatan reaksiya emasligini qayd etdi.
Shuningdek, jurnalistlarning UzIMEI tizimining maqsadga muvofiqligi borasidagi savoliga javob berar ekan, matbuot kotibi Bojxona qoʻmitasi faqat ijro organi ekani va respublika hukumati qarorlarini baholash huquqiga ega emasligini bildirdi.
Avvalroq BQ Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtmagan yangi mobil qurilmalarni mamlakatga olib kirishda rasmiylashtirishni vaqtincha toʻxtatgani xabar qilingandi. Bundan tashqari, idora vakillari zarur ekspertizalarni oʻtkazish maqsadida smartfonlarni olib qoʻya boshlagan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bojxonachilar muammoni joyida hal qilishni taklif etayotgani haqida maʼlumotlar paydo boʻldi. Yaʼni, ular texnik jarayonlar 30 kungacha davom etishi mumkinligini, biroq muayyan toʻlov evaziga tezlashtirilgan identifikatsiya varianti mavjudligini tushuntirishgan. Masalan, agar yangi modeldagi iPhone olib kirish uchun rasmiy boj taxminan 150 dollarni tashkil etsa, bojxonadan tezkor oʻtish uchun 450 dollar talab qilingan. Internet foydalanuvchilarining bildirishicha, gadjetlarni bir sutka ichida rasmiylashtirish oʻrtacha 400 dollardan 1100 dollargacha baholangan.
Shunga qaramay, Bojxona qoʻmitasi idora xodimlari tomonidan korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgani haqidagi faktlarni rad etdi.
2025 yil 1 maydan Oʻzbekiston shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan tovarlarni bojsiz olib kirishning yangi normalarini joriy qildi. Xususan, havo transporti orqali keluvchi yoʻlovchilar uchun 1000 dollarlik limit belgilangan. Shu bilan birga, keyinchalik UzIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazish uchun mobil qurilmalarni deklaratsiya qilish talab etiladi. Ikkala tartib ham pullik: bojxona rasmiylashtiruvi telefon narxining 30 foizini, roʻyxatdan oʻtkazish esa olib kirilgandan keyin 30 kun ichida bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizini (88 ming soʻm yoki 7 dollar), koʻrsatilgan muddatdan keyin esa BHMning 25 foizini tashkil etadi.



