O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbariyatiga mintaqaviy Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirishni taklif qildi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, faqat birgalikdagi harakatlar orqali muzliklarning erishi, suv taqchilligi va kuchli qurg‘oqchilik kabi tahdidlarga samarali qarshi turish mumkin. Ushbu tashabbus Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi (COP31) tomonlari konferensiyasida ilgari surildi, deya xabar beradi O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati.
O‘zbekiston rahbari mintaqaviy Iqlim integratsiyasi modeli doirasidagi hamkorlikni uchta asosiy yo‘nalishdan boshlash maqsadga muvofiqligini qayd etdi.
Ulardan birinchisi — axborot yo‘nalishidir. Bunda Butunjahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavflari to‘g‘risida ma’lumot almashish infratuzilmasini yaratish taklif etilmoqda.
Ikkinchi yo‘nalish — texnologik yo‘nalish. Mirziyoyev «Eco Expo» ko‘rgazmasini Markaziy Osiyo voqeligiga moslashtirilgan zamonaviy ekologik yechimlar uchun doimiy investitsiyaviy-texnologik maydonchaga aylantirishga tayyorligini bildirdi.
Uchinchisi — moliyaviy yo‘nalish. Bu borada taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan birgalikda qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalarini, jumladan, imtiyozli grantlar, shuningdek, «ko‘k» va «arid» moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish zarur.
O‘z chiqishida respublika prezidenti O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha global sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini hamda mamlakatning rivojlanish modelini tabiatdan oqilona foydalanish va «yashil» texnologiyalar negizida qurayotganini ta’kidladi.
Mirziyoyev, shuningdek, sammit ishtirokchilarini milliy miqyosda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi. Xususan, uglerod sig‘imini kamaytirish doirasida yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan chiqindilar hajmini 35 foizga qisqartirish maqsadi muddatidan oldin bajarildi. 2035 yilga borib bu ko‘rsatkichni 50 foizga yetkazish bo‘yicha yangi vazifa belgilandi.
Shu bilan birga, so‘nggi o‘n yil ichida iqtisodiyotning suv sig‘imi qariyb ikki barobar, suv olish hajmi esa beshdan bir qismga qisqardi. Bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish sug‘oriladigan maydonlarning 60 foizdan ortig‘ini qamrab olmoqda.
Yerlarni qayta tiklash bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda, buning sharofati bilan o‘rmonzorlar maydoni 6 million gektarga kengaydi, ularning uchdan bir qismi Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Chiqindilar bilan ishlash strategiyasi bandlari amalga oshirilmoqda.
Prezident olib borilayotgan siyosat markazida yosh avlod haqida g‘amxo‘rlik qilish turganiga alohida e’tibor qaratdi.
«Mamlakatimizda bolalarning ekologik tarbiyasi oila, mahalla va maktabdan boshlanadi. Biz bolalikdan suvni asrashga, daraxtlarni parvarishlashga, umumiy muhitning tozaligi haqida qayg‘urishga o‘rgatamiz», — dedi Mirziyoyev.
U O‘zbekiston aholisining har beshinchi nafari maktab o‘quvchisi yoki talaba ekanini qo‘shimcha qildi. Demak, 2050 yilga borib aholining to‘rtdan uch qismi tabiatga yo‘naltirilgan ta’lim olgan bo‘ladi.
ℹ️ BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi (COP31) tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi doirasidagi dunyo yetakchilari sammiti 10-11 noyabr kunlari Antaliya shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 90 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama uchrashuvlar dasturi sermazmun bo‘ldi. Xususan, sammit doirasida u Gruziya, Finlyandiya, Sloveniya, Bangladesh, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar rahbariyati, shuningdek, Yashil iqlim jamg‘armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Butunjahon meteorologiya tashkiloti, Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.



