Qirgʻizistonda oʻrtacha ish haqi qariyb uchdan bir qismga oshib, 635 dollarga yetdi

Foto: caravan-info.kg saytidan

Qirgʻizistonda 2026 yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga koʻra oʻrtacha oylik nominal ish haqi 55525 somni (635 dollar) tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 29,4 foizga oshdi. Eng sezilarli oʻsish budjet sohalarida qayd etildi, biroq Bishkek va hududlar oʻrtasidagi ish haqi tafovuti hamon yuqoriligicha qolmoqda. Yangi maʼlumotlarni respublika Milliy statistika qoʻmitasi taqdim etdi.

Bir yil oldin oʻrtacha oylik ish haqi taxminan 42,9 ming somni (491 dollar) tashkil qilgan edi. Shu tariqa, yil davomida koʻrsatkich qariyb 12,6 ming somga (144 dollar) koʻpaydi. Yanvar-avgust oylari uchun avvalroq eʼlon qilingan maʼlumotlarga qaraganda, toʻqqiz oylik oʻrtacha ish haqi 446 somga (5 dollar) yuqori boʻlib chiqdi. Bunda alohida olingan avgust va sentabr oylaridagi maoshlar emas, balki ikki xil davr uchun oʻrtacha hisoblangan koʻrsatkichlar taqqoslanmoqda.

Rasmiy statistika soliqlar va ijtimoiy ajratmalar ushlab qolingunga qadar hisoblangan ish haqini inobatga oladi. Bundan tashqari, hisob-kitoblarga kichik korxonalar va norasmiy bandlikning katta qismi kiritilmagan. Shu bois oʻrtacha koʻrsatkich mamlakatdagi barcha ishlovchi aholining daromadlarini aks ettirmaydi.

Ish haqining nominal oʻsishi inflyatsiyadan ancha ilgarilab ketmoqda, garchi real oshim nisbatan kamtarona boʻlsa ham. Joriy yilning dastlabki sakkiz oyi yakunlariga koʻra, ish haqi 28,7 foizga, isteʼmol narxlarining oshishi hisobga olinganda esa 16,1 foizga oʻsdi. Yanvar-oktabr oylarida Qirgʻizistonda narxlar 2025 yil dekabriga nisbatan 8,8 foizga koʻtarildi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari va spirtsiz ichimliklar 7,7 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 7,6 foizga, aholi uchun xizmatlar esa 12,2 foizga qimmatlashdi.

Hududlar oʻrtasida sezilarli farqlar saqlanib qolmoqda. Yanvar-avgust oylariga oid batafsil statistikaga koʻra, eng yuqori oʻrtacha oylik ish haqi Bishkek shahrida qayd etilgan — 67670 som (774 dollar). Keyingi oʻrinlarni Issiqkoʻl viloyati — 59767 som (684 dollar), Norin viloyati — 51486 som (589 dollar) va Talas viloyati — 51125 som (585 dollar) koʻrsatkichlari bilan egalladi.

Jalolobod viloyatida xodimlar oʻrtacha 46765 som (535 dollar), Oʻsh shahrida 44934 som (514 dollar), Choʻy viloyatida 43404 som (496 dollar), Botken viloyatida 41790 som (478 dollar) maosh olishgan. Eng past koʻrsatkich Oʻsh viloyatida qayd etilgan boʻlib, 37468 somni (429 dollar) tashkil etdi. Shu tariqa, poytaxtdagi oʻrtacha oylik ish haqi eng quyi oʻrindagi hududga nisbatan qariyb 1,8 baravar yuqori boʻldi. Shu bilan birga, hududiy koʻrsatkichlarga alohida yirik korxonalar sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin, buni Milliy statistika qoʻmitasi ham taʼkidlaydi.

Iqtisodiyot tarmoqlari oʻrtasidagi tafovut ham kam emas. Masalan, hisobot davrida eng yuqori maoshni moliya va sugʻurta sohasi xodimlari olishgan — oʻrtacha 103 402 som (1183 dollar). Foydali qazilmalarni qazib olish tarmogʻida maoshlar darajasi 91563 somni (1047 dollar), axborot va aloqa sohasida esa 88040 somni (1007 dollar) tashkil qildi.

Taqqoslash uchun, taʼlim sohasida oʻrtacha ish haqi 38459 somga (440 dollar), sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmat koʻrsatishda 41607 somga (476 dollar), qishloq xoʻjaligida 38264 somga (438 dollar), mehmonxona va restoran biznesida esa 37523 somga (429 dollar) teng boʻldi.

Ish haqi oʻsishining tezlashishiga budjet sohasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimining keng koʻlamda oshirilishi asosiy omillardan biri boʻldi. 2026 yil 1 apreldan boshlab hukumat taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, madaniyat va yana qator davlat muassasalari xodimlarining ish haqini oshirdi. Mart oyida mamlakat boʻyicha hisoblangan oʻrtacha ish haqi 48720 somni (557 dollar) tashkil etgan boʻlsa, aprelda 58404 somga (668 dollar) yetdi. Sentabr oyidan eʼtiboran bu oshirish budjet sohasining yana 46 mingdan ortiq xodimiga tatbiq etildi.

Natijada yanvar-avgust oylari yakunlariga koʻra, budjetchilarning oʻrtacha ish haqi 37,6 foizga oʻsib, 45115 somni (516 dollar) tashkil qildi. Nobudjet sektorida esa oʻsish 20,2 foizni tashkil etib, 68027 somgacha (778 dollar) koʻtarildi. Davlat muassasalarida ish haqining tezroq oʻsishiga qaramay, nobudjet sohasidagi daromadlar oʻrtacha hisobda qariyb bir yarim baravar yuqoriligicha qolmoqda.

Ayrim budjet tarmoqlarida oʻzgarishlar ayniqsa yaqqol koʻzga tashlandi. Joriy yilning toʻqqiz oyi yakunlari boʻyicha sanʼat, koʻngilochar va dam olish sohasida maoshlar taxminan 1,6 baravarga, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmat koʻrsatishda 51,1 foizga, taʼlimda esa 47,6 foizga oshdi. Shunga qaramay, oshirishlardan keyin ham mazkur sohalar xodimlari moliya sektori, togʻ-kon sanoati va axborot texnologiyalari tarmoqlarida band boʻlganlarga qaraganda sezilarli darajada kam maosh olgan.

Taqqoslash uchun, Oʻzbekistonda 2026 yilning yanvar-sentabr oylaridagi oʻrtacha oylik nominal ish haqi 7,27 mln soʻmni (604 dollar) tashkil etib, 18 foizlik oʻsishni koʻrsatdi. Shunday qilib, Qirgʻiziston dollar hisobida qoʻshni respublika bilan farqni kengaytirdi: bir yil oldingi farq taxminan 7-10 dollarni tashkil qilgan boʻlsa, endilikda 31 dollarga yetdi.

Shu bilan birga, hisoblash uslubiyatidagi tafovutlar sababli ushbu taqqoslash toʻliq aniq emas. Xususan, Oʻzbekiston statistikasida qishloq xoʻjaligi korxonalari, kichik biznes va mikrofirmalar hisobga olinmaydi, Qirgʻizistonda esa hisob-kitobdan faqat kichik korxonalar chiqarib tashlangan.