Oʻzbekistonlik professor Qozogʻistonda aygʻoqchilik ishi boʻyicha 10 yilga qamaldi

Iqboljon Qoraboyev. azertag.az saytidan olingan surat

Oʻzbekistonlik olim Iqboljon Qoraboyev Qozogʻistonda 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deya professorning yaqinlari «Azattiq Aziya» jurnalistlariga xabar berdi.

Ularning maʼlum qilishicha, 46 yoshli Qoraboyev Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 176-moddasi («Aygʻoqchilik») boʻyicha aybdor deb topilgan. Ushbu modda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Ish materiallari maxfiy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgani sababli sud jarayoni yopiq tartibda oʻtkazilgan. Hukm haqida oila aʼzolari sud yoki rasmiy idoralar vakillaridan emas, balki oʻz manbalari orqali xabar topgan.

Mahkumning yaqinlari haligacha tergov materiallari bilan tanishish imkoniga ega boʻlmaganini bildirmoqda. Shuningdek, ayblovga koʻra olim qaysi davlat manfaati yoʻlida ish olib borgani va sudga qanday dalillar taqdim etilgani ham oilaga maʼlum qilinmagan.

«Bizga tergovning borishi va natijalari haqida hech qanday maʼlumot berilmadi. Ayblovga oid aniq materiallar va dalillar hamon ochiqlanmayapti», — deydi xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini oshkor etmaslikni soʻragan professorning qarindoshlaridan biri.

Uning soʻzlariga koʻra, oila Qozogʻiston prezidentiga, bosh prokurorga, Milliy xavfsizlik qoʻmitasiga, ombudsmanga va inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilgan. Biroq davlat idoralaridan mazmunli javoblar olinmagan.

Qozogʻiston MXQ rahbariyati almashganidan soʻng oila qoʻmitaning yangi rahbariga, prezidentga va bosh prokurorga qayta murojaat yoʻllagan.

Qoraboyevning yaqinlari hukm ustidan shikoyat qilish va professorning toʻliq oqlanishiga erishish niyatida. Ularning talablari qatorida tergov va sud jarayoni materiallarini taqdim etish, olimni universitetdagi avvalgi lavozimiga hamda mehnat huquqlariga tiklash, shuningdek, yoʻl qoʻyilgan boʻlishi mumkin boʻlgan qonunbuzarliklarni rasman tan olib, uning obroʻsini qayta tiklash bor.

«Oʻzbekiston va Qozogʻiston kabi ikki qardosh davlat oʻrtasida bunday vaziyat qanday qilib yuzaga kelishi mumkin? Biz XXI asrda yashayapmiz, qoʻshni va doʻst mamlakatlarmiz, tariximiz umumiy, qardoshlik aloqalarimiz mustahkam. Fransiya Belgiya fuqarosini aygʻoqchilikda ayblab hibsga olib, sud qilganini tasavvur qilish mumkinmi? Axir biz ham qardosh xalqlarmiz, oʻrtamizda ishonch, oʻzaro hurmat va adolat boʻlishi kerak-ku», — deydi professorning qarindoshi.

Qozogʻiston rasmiy idoralari hukm haqidagi xabarga hozircha izoh bermadi. Oʻzbekiston rasmiylarining pozitsiyasi ham nomaʼlumligicha qolmoqda.

Qoraboyev 2026 yil 3 iyul kuni Ostonada hibsga olingandi, u yerda olim rafiqasi va uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yashab kelayotgan edi.

Professor Maqsut Narikbayev nomidagi universitetda xalqaro munosabatlar boʻyicha dars bergan. U mintaqaviy integratsiya, geoiqtisodiyot hamda Markaziy Osiyoning strategik muhim mineral resurslarini tadqiq qilgan.

Hamkasblarining soʻzlariga koʻra, olim oʻz izlanishlarida faqat ochiq manbalardagi maʼlumotlardan foydalangan.

Xususan, 2025 yilning aprelida professor «Qozogʻiston va Oʻzbekistondagi muhim minerallar atrofidagi qiyosiy huquqiy, siyosiy va strategik narrativlar» mavzusida tadqiqotni yakunlagan boʻlib, u hali eʼlon qilinmagan. Ishda Qozogʻistonning toʻqqizta, Oʻzbekistonning sakkizta hamda uchta xalqaro hujjat tahlil etilgan.

Bundan oldin, 2024 yil oktyabrida Qoraboyev taqdim etgan tadqiqotida Xitoy mavqeyining mustahkamlanishi, pandemiya hamda Ukrainadagi urush sababli taʼminot zanjirlarining uzilishi fonida Markaziy Osiyodagi noyob yer elementlariga xalqaro qiziqish ortib borayotgani haqida yozgan edi. Muallif XXR Qirgʻiziston va Tojikistonda bunday xomashyo qazib olishda yetakchilik qilayotganini, ushbu resurslar boʻyicha Qozogʻistonning asosiy savdo hamkori ekanini hamda Oʻzbekistondagi ishtirokini kengaytirayotganini taʼkidlagan.

ℹ️ Soʻnggi yillarda muhim minerallar mavzusi tobora katta geosiyosiy ahamiyat kasb etmoqda. Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev 2023 yilda ularni «yangi neft» deb atagan va sohaga sarmoya kiritishga chaqirgan edi.

Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 2025 yil iyunida Toshkentdagi forumda mamlakatda volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy va titanning yirik zaxiralari aniqlanganini, respublika yer osti boyliklarining umumiy salohiyati esa 3 trillion dollarga baholanishini bildirgan edi.

2025 yil noyabrida To‘qayevning Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida tomonlar muhim va noyob yer metallarini geologik oʻrganish hamda qazib olish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tashkil etishga kelishib oldilar, shuningdek, togʻ-kon sanoatida hamkorlik boʻyicha memorandum imzoladilar.